Assalomu alaykum men bir firmada ishlayman bu yerda ishlagan har bir soatimizga pul olamiz. Biz bu pullarni haloldan topish uchun kun boyi tinmay ishlashimiz kerakmi yani ora chura 10 minut 15 minut dam olamiz ishta 4 5 marta bu vaqtlar biz topadigon pulni halol harom bolishiga hech qanday tasir qilmaydimi
Bismillahir Rohmanir Rohim. Shariatimiz qoidalariga ko'ra yollab ishlatish ham ijaraning bir turi hisoblanadi. Ijara kelishuvida esa qilinadigan ish va uning haqqi aniq bo'lishi shart.
Hozirgi kundagi mehnat shartnomasi asosida mehnat qilayotgan ishchilar va ish beruvchilar o'rtasida ham ikki xil, ya'ni ma'lum ishni bajarishga yoki ma'lum vaqt mobaynida ishlab berishga kelishiladi va shunga ko'ra haq to'lanadi. Buni oddiy qilib "ishbay" va "vaqtbay" ham deyish mumkin.
Ishbay mehnat qilishga kelishgan ishchi o'ziga berilgan ishni bajarib bo'lgach haqqini olib boshqa ish qilishi mumkin. Vaqtbay mehnat qilishga kelishgan ishchi esa, o'zaro kelishuvda belgilangan vaqt mobaynida ish beruvchini ruxsatisiz o'z shaxsiy ishlari yoki ish beruvchi tomonga bog'liq bo'lmagan ishlar bilan shug'ullanishi shar'an joiz emas. O'z o'rnida shuni ham aytib o'tish kerakki, ish beruvchi kelishilgan vaqt davomida ish topib bera olmasa yoki ishchiga bog'liq bo'lmagan sabab bilan shu vaqt mobaynida ishlashga sharoit bo'lmasa ham ish beruvchi ishchiga haqqini to'lab berishi kerak.
Ammo aksariyat ishxonalarda urf bo'lgan odatlar bo'lib, ba'zi juz'iy ruxsatlar bo'ladi (1-2 daqiqa telefonda gaplashish, oilasi holidan xabar olish ma'nosida ular bilan bog'lanish, tahorat qilish, namoz o'qish, ba'zi ishlarni xodimlar bilan maslahatlashish maqsadida boshqa bo'limlarga chiqib kelish va h.k). Bu holatlarda ish beruvchi tomonidan berilgan umumiy izn e'tiborga olinadi va har biri uchun alohida ruxsat, izn so'ralmaydi. Shunday ekan, savolda so'ralgan holatda ham "o'zaro kelishuv"ga jiddiy e'tibor qaratish lozim bo'ladi. Vallohu a'lam.