Biz Koreya davlatida ishlaymiz, ish vaqtida namozni ishchi kiyimda o‘qib olsak bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Hammamizga ma’lumki namozxon kishi namozda avratlarni berkitib turadigan, pokiza va insonning viqorini saqlab turadigan chiroyli va go‘zal kiyim kiyishi afzal hisoblanadi. Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimda:
يَا بَنِي آَدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِنْدَ كُلِّ مَسْجِدٍ
“Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31-oyat).
Demak, ana shu oyati karimaga binoan, go‘zal, chiroyli, kiyimlarni kiyib namoz o‘qish afzal ko‘rilgan.
Boshqa tuzukroq kiyimga imkon bo‘la turib ish kiyimda namoz o‘qish makruh.
وَتُكْرَهُ الصَّلَاةُ فِي ثِيَابِ الْبِذْلَةِ
“Fatovo Hindiya kitobida” “Ish kiyimda namoz o‘qish makruh bo‘ladi”, deyilgan. Ammo boshqa kiyimga imkon bo‘lmasa va ish kiyimingiz najosatdan holi bo‘lsa o‘qisangiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.