Men kamerada kuzatishda ishlayman ishim davomida ishchilarni aybini va qilgan xatolarini boshliqqa rasmga olib tashashimga to‘g‘ri keladi. Shu ishim joizmi yoki joiz emasmi
Islom shariatida musulmonning aybini qidirish, uning xato-kamchiliklarini poylab, oshkor qilish man qilingan. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar» (Hujurot surasi, 12-oyat) deb marhamat qilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham o‘zgalarning aybini qidirgan kishining aybini Alloh taoloning O‘zi oshkor qilib qo‘yishidan ogohlantirganlar. Shu bois, birodarining kamchiligini ko‘rgan kishi avvalo uning o‘ziga nasihat qilib, xatosini tuzatishiga yordam berishi kerak.
Biroq, bu hukmlarni ish jarayonidagi nazoratdan farqlay bilish lozim. Agar rahbariyat tomonidan ish tartib-intizomini nazorat qilish, xodimlarning o‘z vazifalarini qay darajada bajarayotganini kuzatish va bu haqda hisobot berish uchun ma’lum bir shaxs tayinlangan bo‘lsa, bu shariatda qaytarilgan josuslikka kirmaydi. Bunday nazorat ish tartibini saqlash, samaradorlikni oshirish va umumiy ishga zarar yetishining oldini olishga qaratilgan zarur chora hisoblanadi. Shuningdek, bir xodim boshqa hamkasbining ishga zarar keltirayotgan xatosini ko‘rib, avval o‘ziga nasihat qilsa-yu, u bunga quloq solmasa, u holda bu haqda mas’ul shaxslarni xabardor qilishi joizdir.
Xulosa shuki, sizning vazifangiz xodimlarning shaxsiy hayotiga aralashish, ularning aybini qidirib, obro‘sizlantirish emas, balki faqat ish faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va ish tartibini yaxshilash maqsadida bo‘lsa, bu joizdir. Bunda niyatingiz xolislik, ya’ni hamkasbingizga dushmanlik yoki g‘iybat emas, balki ish jarayonini isloh qilish bo‘lishi shart.