"IQBOL" DEB ISM QO‘YSA BO‘LADIMI?

ID: 779

04.04.2025

13

Savol:

Mening ismim Iqbol. Ko‘pchilik bu o‘g‘ilbolaning ismi deydi. Rostan o‘zim ham ko‘p duch kelganman bunaqa ismli yigitlarga. Ammo, shunday ismli ayollar ham borku. Savolim shuki, bir ism ham o‘g‘il ham qiz bolaga qo‘yilishi mumkinmi? Buning hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Farzandning ota-ona ustidagi haqlaridan biri unga chiroyli, shari’atga muvofiq ism tanlashidir. Zero Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Albatta sizlar qiyomat kunida o‘z ismingiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar! Shu sabab ismlaringizni chiroyli qilinglar!” – deganlar. (Imom Ahmad va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ism qo‘yish mavzusiga doir manbalar o‘rganilganda ulamolar asosan uch turdagi ismlarni qo‘yishdan qaytarganlari va uni makruh tanzihiy hisoblaganlari ma’lum bo‘ladi. Ibn Hajar Asqaloniy o‘zlarining “Fathul-boriy” nomli asarlarida bu borada shunday deganlar:

 لا تنبغي التسمية باسم قبيح المعنى، ولا باسم يقتضي التزكية له، ولا باسم معناه السب، ولو كانت الأسماء إنما هي أعلام للأشخاص لا يقصد بها حقيقة الصفة، لكن وجه الكراهة أن يسمع سامع بالاسم فيظن أنه صفة للمسمى، فلذلك كان صلى الله عليه وسلم يحول الاسم إلى ما إذا دعي به صاحبه كان صدقا، وقد غير رسول الله صلى الله عليه وسلم عدة أسماء   

ya’ni: “Xunuk (yoqimsiz) ma’noli, nafsni poklash (oqlash) ma’nosidagi va so‘kishni ifoda qiluvchi ismlarni qo‘ymaslik lozim bo‘ladi. Garchi mazkur turdagi ismlar shaxsning atoqli ismi bo‘lib, ma’nodagi sifat nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, eshitgan odam uni sifat deb o‘ylab qolishi mumkin. Shu jihatdan makruhdir. Shuning uchun payg‘ambarimiz alayhissalom bu kabi ismlarni sohibi chaqirilganda unga mos keladigan ismlarga o‘zgartirar edilar. Rasululloh bir necha ismlarni o‘zgartirganlar”.

Bojiy rahimahulloh ham o‘zlarining “Al-Muntaqo”larida salbiy ma’noga ega xunuk ismlar, nafsni oqlash ma’nosidagi ismlar va shumlanish ma’nosini anglatuvchi ismlar man qilinganini aytganlar.

Mazkur ma’lumotlardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, sizning “Iqbol” ismingizda yuqorida aytib o‘tilgan makruh ismlardagi ma’no topilmaydi va joiz hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar