INSON TANASIDAGI ORTIQCHA YOG‘LARNI OLIB TASHLASH JOIZMI?

ID: 623

04.04.2025

38

Savol:

Oxirgi yillarda "liposaktsiya" jarrohlik amaliyotining o‘tkazilishi ko‘p kuzatilmoqda. Dinimizda inson tanasidagi ortiqcha yog‘larni jarrohlik amaliyoti orqali olib tashlanishi haqida nima deyiladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib yashash ortiqcha vazn muammosiga olib kelmaydi. Chunki Islom insonni me’yorida va sog‘lom ovqatlanish (ro‘za tutish, parhez) hamda jismoniy xatti-harakatlarni ko‘paytirishga targ‘ib qiladi. Imom Termiziy va boshqa muhaddislar Miqdod ibn Ma’diykaribdan rivoyat qilgan hadisda

المقداد بن معدي كرب - رضي الله عنه - قال: سمعتُ رسول الله - صلى الله عليه وسلم - يقول: ما ملأ آدمي وعاء شرًّا من بطن، بحسب ابن آدم أكلات يقمن صلبه، فإن كان لا محالة فثلث لطعامه، وثلث لشرابه، وثلث لنفسه

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odam bolasiga to‘ldirish uchun qornidan ko‘ra yomon idish yo‘q. Insonga qaddini ko‘taradigan luqmalar kifoya. Agar iloji bo‘lmasa, qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafasi uchundir”.

Biroq ortiqcha vaznga moyillik yoki tanaga e’tiborsizlik tufayli insonda semirish yuzaga kelsa va u salomatlikka xavf sola boshlagan paytda bugungi kunda tibbiyotda vujudga kelgan yangi turdagi liposaktsiya deb nomlangan jarrohlik amaliyoti orqali gavdani korrektsiya qilishga ruxsat beriladi. Bu amaliyotda ozdirish va diyeta bilan harakat qilganda ketmagan joylardan ortiqcha yog‘lar olib tashlanadi va zarar ketkaziladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

قال النبي صلى الله عليه وآله: تداووا فإن الله عز وجل لم ينزل داءً إلا وأنزل له شفاءً

ya’ni: "Davolaninglar, Alloh taolo biron dard bergan bo‘lsa, albatta uning davosini ham bergan", deganlar.

Lekin dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilmay yashab, pala-partish ovqatlanish yoki kamharakatlik bilan inson o‘ziga-o‘zi ortiqcha vaznni yig‘ib olib, bunday muolajalarga murojaat qilishgacha yetib borishi Alloh taolo insonlarga omonat sifatida bergan tana a’zolarining shukrini ado qilish bo‘lmaydi.

Inson ehtiyotsizlik tufayli ushbu turdagi amaliyotga kirishadigan bo‘lsa, dastlab u Allohga tavba qilib, amaliyotdan keyin sunnatga muvofiq tartibli hayot kechirishi talab etiladi.

Eslatib o‘tish lozimki, tanadagi ortiqcha vazn xavfsiz bo‘lishiga qaramay shunchaki gavdaning tashqi ko‘rinishini yanada mukammal ko‘rinishga keltirish uchun bunday amaliyotga qadam qo‘yish Alloh taoloning quyidagi so‘ziga binoan harom qilingan amaliyotlar sirasiga kiradi.

وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ وَمَنْ يَتَّخِذِ الشَّيْطَانَ وَلِيًّا مِنْ دُونِ اللَّهِ فَقَدْ خَسِرَ خُسْرَانًا مُبِينًا

"(Shayton aytdi:) “Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o‘zgartiradilar”. Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi” (Niso surasi, 119-oyat).

Shuningdek, mazkur turdagi amaliyotlarning zarari semizlikdan yetadigan zararga teng yoki undan ko‘p bo‘lgan holatlarda ham qilish mumkin emas.

Ko‘proq ayollarda uchrab turadigan yana bir muammo homiladorlikdan keyingi asoratlar yoki boshqa sabablarga ko‘ra qorinni “fartuk”ka o‘xshab osilib qolishini yo‘qotish uchun qilinadigan abdominoplastika deb ataluvchi jarrohlik amaliyotining hukmi ham huddi mana shu shartlar bilan joiz bo‘ladi, ya’ni shartlarning hammasi yoki ulardan biri topilmaganda harom bo‘ladi. Bunda osilib qolib, insonga mashaqqat yetkazayotan qorinni kesib olib tashlanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar