INJIL VA TAVROT KITOBLARINI O‘RGANISH JOIZMI?

ID: 378

04.04.2025

11

Savol:

Injil, Tavrot kabi kitoblarni va boshqa dinlarni o‘rganish joizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Har bir musulmon Tavrot, Injil, Zabur kitoblari va Ibrohim alayhissalomga tushirilgan sahifalarga imon keltirishi zarur. Ammo bundan avvalgi samoviy kitoblarni ham Qur’on kabi o‘qilishi mumkin, degan xulosa chiqarilmaydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Tavrotning ayrim sahifalarini o‘qiyotgan Umar roziyallohu anhuni ko‘rib g‘azablandilar va bunday deganlar:

أفي شك أنت يا ابن الخطاب ؟ لقد جئتُكم بها بيضاء نقيةً ، لو كان موسى حياً ما وسعه إلا اتباعي

ya’ni: "Menga shak qilayapsanmi, ey Xattobning o‘g‘li? Men u (din)ni sizlarga oppoq, pokiza holda keltirdim. Agar Muso tirik bo‘lganda menga ergashishdan boshqa chorasi bo‘lmas edi".

Shuning uchun avval o‘zimizni dinimizni to‘liq va mukammal o‘rganing. Aqida, ibodat va muomala masalalarini ustozlardan va asl manbalardan atroflicha o‘zlashtiring. Ana shunda sizda o‘z diningiz ta’limotlarini boshqasiga qorishtirib qo‘ymaslik malakasi paydo bo‘ladi. Bu deganimiz bir-ikkita kitobdan ayrim ma’lumotlarni o‘rganib olib men Islomni o‘zlashtirdim, endi boshqa din kitoblarini o‘qishga haqqim bor, deguvchilarga ruxsat degani emas. 

Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalom zinokorlarga jazo berish masalasida hukm so‘rab yuzlangan yahudiylarga o‘z kitoblarida ham bu jinoyatga jazo bor ekanligini isbotlash uchun Tavrotga murojaat qilganlari rivoyat qilingan. Bundan kelib chiqadiki, o‘z dinini puxta bilib amal qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lgan odamni boshqa din adabiyotlarini muayyan, raddiya berishga o‘xshash maqsadlarda  mutolaa qilishga haqqi bo‘ladi. Aks holda, ya’ni har kim ham o‘zga dinlar adabiyotlarini bilib-bilmasdan o‘qib, missionerlar tuzog‘iga ilinib qolishi hech gap emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar