Bir tanishim farz namozda iqomat aytilganda “hayya alas-solah”ga kelganda imom va qavm turib niyat qiladi, “qod qomatis-solah” deyilganda imom va qavm namozni boshlashi kerak va bu vojib amal, dedi. Muazzin iqomatni oxirigacha aytib namozni boshlaydi dedi. Shu rostmi? Masjidlarimizda imomlar iqomatni oxirigacha kutadiku. Iqomatdan keyin imom namozni boshlamay dunyoviy so‘z so‘zlashi mumkin emas dedi. Hatto “Safni to‘g‘ri oling, orada bo‘sh joy qolmasin” kabi gaplarni ham gapirishi mumkin emas, dedi. SHuni tushintirib beringlar. Alloh taolo ilmingizga baraka bersin!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Masalaning bayoni haqida manbalarda “hayya alas-solah”da imom va qavm o‘rnidan turadi, “qod qamatis-solah”da namozga kirishadi, deyilgan bo‘lishiga qaramay bunday qilish vojib amal hisoblanmaydi. Jumladan, “Ixtiyor” kitobida bunday deyiladi:
وإذا قال حي على الصلاة قام الإمام والجماعة، وإذا قال قد قامت الصلاة كبروا، وإذا كان الإمام غائباً أو هو المؤذن لا يقومون حتى يحضر
“Muazzin “hayya alas-solah” deganida imom va jamoat o‘rinlaridan turadi. “Qod qamatis-solah” desa, takbir aytib namozga kirishadilar. Agar imom yoki muazzin yo‘q bo‘lsa, kelguniga qadar o‘rinlaridan turmaydilar”. (“Ixtiyor” kitobi).
Iqomat azon bilan bir xil bo‘lgani bois muazzin iqomatni oxirigacha aytadi. Agar imom namozni boshlab yuborgan bo‘lsa, takbiri-tahrima (Allohu akbar)ni aytib, namozga kiradi. Imom tarafidan zarurat bo‘lganda “Saflarni to‘g‘rilab oling” degan gapni aytilishi mumkin va bu taqiqlangan dunyoviy gaplar sirasiga kirmaydi. Chunki, hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlari rivoyat qilingan:
عن أَنَس: «كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول عن يمينه: اعتدلوا، سَوُّوا صفوفكم، وعن يساره: اعتدلوا، سوُّوا صفوفَكم» رواه أبو داود
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘ng tarafdagilarga “to‘g‘rilaninglar, safni rostlanglar”, chap tomondagilarga “to‘g‘rilaninglar, safni rostlanglar”, der edilar. Abu Dovud rivoyati. Batafsil ma’lumot uchun 1138-raqamdagi javob (https://t.me/diniysavollar/7231)ga murojaat qilishingiz mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.