Hozirda Imom Moturidiy haqida ko‘p gapirilyapti. U kishi kim bo‘lgan. Hayoti, ilmiy salohiyati qanday bo‘lgan, shuni bayon qilib bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Faqih, mutakallim, mufassir, usulul-fiqh olimi, Ahli sunna val jamoaning shayxi Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatulloh alayh taxminan hijriy 248 yillarda Samarqandda tug‘ilib, 333 h.yilda vafot etganlar. Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn qilinganlar. Islom dinining oltin asrlarida yashagan (ya’ni, 3-4 h.asrlar, Abbosiylar xalifaligi davri, Movarounnahrda Somoniylar hukmronligi yillari). U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, Arab tilida ijod qilganlar. Kamoliddin Qozi Bayzoviy Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o‘tganlar. Imom Moturidiy “Hidoyat imomi”, “Hidoyat bayrog‘i”, “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi” kabi bir qancha nomlar bilan mashhur bo‘lganlar. U zot bir qancha kitoblar ta’lif qilganlar, bizgacha asosan uchta kitoblari yetib kelgan: “Kitabut-tavhid”, “Ta’vilotu ahli sunna” (bu ikkisi chop etilgan, o‘rganilgan), “Kitabul maqolot” (qo‘lyozmasi bor). Aksariyat mashhur Hanafiy ulamolar aqida bobida u kishining yo‘lidan yurishgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy – Ahli sunna val jamoa e’tiqodini naqliy va aqliy dalillar bilan sharhlashda Islom olamida nom qozongan zotlardan biri. Turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u zot sahobalar, tobe’inlar va zamondoshlari bo‘lgan taba tobe’inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar. U zot va shogirdlari aqidaviy maktab (yo‘nalish) tashkil qilishdi va u Moturidiya aqidaviy mazhabi deb ataldi. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Shu sababli bu aqida maktabi izdoshlarining ko‘pchiligi hanafiylardir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlar ommasining yarmidan ko‘pi Moturidiya aqidaviy yo‘nalishiga ergashadilar. Qolgan yarmi esa, Imom Abul Hasan al-Ash’ariy aqida mazhabiga ergashadilar va ikki mazhab bir butun bo‘lib, Ahli sunna val jamoani tashkil etadi.
Imom Abu Mansur Moturidiyning eng mashhur ustozlari quyidagi ulamolardir:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.