Imom Moturidiy aqida ilmida aqlni naqldan ya’ni oyat va hadislardan ustun qo‘yganmi? Bu haqidagi gap-so‘zlar qanchalik to‘g‘ri?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Yo‘q, bu gap Imom Moturidiy kabi ahli sunnaning buyuk imomiga nisbatan katta tuhmatdir. Hozirda Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning ilmiy qarashlarini noto‘g‘ri tushungan ba’zi johil kishilar bu buyuk imomga nisbatan turli xil bo‘htonlarni to‘qishmoqda. Mana shu bo‘htonlardan biri – bu ularning “Moturidiy aqlni naql (oyat yoki hadisda kelgan narsa)dan ustun qo‘ygan”, degan gaplaridir.
Aslida Imom Moturidiyga ko‘ra aql naqldan ustun turishi tugul, aql bilan hech qanday hukm sobit bo‘lmasligi ma’lum va mashhurdir. Aqlni naqldan ustun qo‘yish, Imom Moturidiy rahimahulloh umrlari bo‘yi qarshi kurashgan, ilmiy raddiyalar yozgan toifa – mo‘tazila firqasiga xos amaldir. Shuning uchun ularda qanchadan-qancha naqliy dalillar aqlga to‘g‘ri kelmagani uchun ta’vil qilinadi yoki qabul qilinmaydi. Jumladan, mo‘tazilalar ayni vaqtda jannat va do‘zax yaratilmagan, deb biladilar. Alloh taoloni dunyoda ham, oxiratda ham ko‘rish aqlan mumkin emas, deydilar. Osiy kishi niqoblanishi, itoatkor kishi savob olishi shart, deb o‘ylaydilar va hokazo. Ammo moturidiylar esa naql orqali sobit bo‘lgan qanchadan-qancha e’tiqodiy yoxud fiqhiy hukmlarni, garchi aql anglay olmasa-da, aynan naqlga suyanganlari sababli bosh ustiga qabul qilganlar.
Imom Moturidiy “Alloh taoloni tanish aql bilan vojib bo‘ladi” deydilar. Ya’ni, farazan Alloh taolo payg‘ambarlar yubormasa, shariat ahkomlarini tushirmasa ham odamlar o‘z aqllari bilan Alloh taoloni tanishlari vojib bo‘laveradi. Lekin Alloh taolo O‘z fazli bilan insonlarga payg‘ambarlar yuborib, haq yo‘lni tanish yo‘lini ularga oson qildi.
Bu borada Imom Moturidiyning dalillari shuki, Qur’oni karimda osmonlar-u yerda, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘-u toshlar, daraxtlar va bulardan boshqa qanchadan-qancha buyuk Yaratuvchiga va qudratining cheksizligiga dalolat qiladigan alomatlar borligi bayon qilingan. Jumladan:
وَكَأَيِّنْ مِنْ آَيَةٍ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَمُرُّونَ عَلَيْهَا وَهُمْ عَنْهَا مُعْرِضُونَ
ya’ni: “Osmonlar va Yerda qanchadan-qancha (Alloh va uning sifatlariga dalolat qiluvchi) alomatlar bor. (Lekin) ular yonidan yuz o‘girgan hollarida (beparvo) o‘tib ketadilar” (Yusuf surasi, 105-oyat).
Ya’ni, ular Alloh taoloning borligiga dalolat qiladigan shuncha belgi-alomatlar haqida tafakkur qilib imon keltirmaydilar. Agar alomatlardan yuz o‘girmasdan ularni tafakkur qilib ko‘rganlarida, aql yuritib e’tibor berganlarida, albatta, imon keltirgan bo‘lardilar. Bu esa insonda aql borligining o‘zi Alloh taoloni tanishga sabab ekaniga dalolat qiladi.
Alloh taoloning yaratuvchiligini, o‘ta ilmli zot ekanini mushriklar ham e’tirof etganlar:
وَلَئِنْ سَأَلْتَهُمْ مَنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ لَيَقُولُنَّ خَلَقَهُنَّ الْعَزِيزُ الْعَلِيمُ
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Qasamki, agar ulardan: «Osmonlar va Yerni kim yaratgan?», – deb so‘rasangiz, albatta: «Ularni Qudratli va Bilimli (Alloh) yaratgan», – derlar” (Zuxruf surasi, 9-oyat).
Ya’ni, mushriklar ham osmonlar-u yerni aziz va o‘ta ilmli zot, Alloh taolo yaratganini bilganlar. So‘ngra johillik bilan Unga boshqani qo‘shib ibodat qilganlar. Bu esa Alloh taoloni tanish inson fitratida borligini, bu fitratni Alloh taolo insonga qo‘shib yaratganini, shunga ko‘ra har bir aql-hushli odam Alloh taoloni tanishi lozimligini, tanimasligi uzr bo‘lmasligini bildiradi. Bu kabi oyat va hadislarni ko‘plab keltirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, moturidiy ulamolarimizga ko‘ra aql-hushli insonga yeru osmonlarning Yaratuvchisi, Alloh taoloni tanimasligi uzr hisoblanmaydi. Chunki har bir narsa xususida aql yuritib qaralsa, Alloh taoloning biru borligiga dalolat qiluvchi belgilar mavjud. Bu bilan Imom Moturidiy rahimahulloh aqlni naqldan ustun qo‘ygan bo‘lmaydilar. Balki aynan naql orqali Allohni tanishda aqlning o‘rnini ko‘rsatib berganlar. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.