Abu Hanifa rahimahulloh: "Hadis sahih bo‘lsa, u mening mazhabimdir", degan so‘zlarini sharhlab bering. Soxta salafiylar shu gaplarni dalil qilib qayerda sahih hadis bo‘lsa, o‘shanga amal qilish kerak, deb gapirib yurishibdi.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ko‘pchilik olimlar bu jumlani: "Agar hadis sahih bo‘lsa va unga zid keluvchi hadisdan xoli bo‘lsa, u mening mazhabimdir", deb tushuniladi deydilar. Yana bu Imom Abu Hanifa rahimahullohning hadislarni qiyosdan ustun qo‘yganiga dalildir. Lekin bu so‘z ijtihodga layoqati yo‘q kishi qayerda sahih hadis ko‘rsa, undan hukm olishi joiz degani emas.
Eng muhimi, mujtahid darajasiga yetmagan shaxs oyat va hadislardan o‘zicha hukm chiqarishga haqqi yo‘q. Bitta sahih hadisni o‘qib u bilan hukm chiqarilmaydi, chunki ba’zi hadislar sahih bo‘lsa-da keyinchalik mansux (bekor) bo‘lgan bo‘lishi mumkin yoki unga ma’noda zid keluvchi hadis ham bo‘lishi mumkin. Sahih hadis kitoblariga ilmiy omonat sifatida mansux hadislar ham kiritilgan. Hukm olinadigan hadislarni mujtahid ulamolar saralab olganlar.
Mujtahid olimlar hadislardan qanday hukm chiqarganlarini Imom Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh “Sharhi maonil osor” nomli kitoblarida ko‘rsatib berganlar. Ya’ni, bir mavzudagi barcha hadislarni bir joyga to‘plab, ularni saralab, taqqoslab, tahlil qilib oxirida mujtahid ulamolarimizning ulardan chiqargan hukmlarini keltirganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.