Xalqimizda ilon sho‘rva erkak kishiga quvvat beradi, degan gap bor. Aytingchi ilon sho‘rva halolmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Aksariyat fiqhiy manbalarimizda turli xil yer usti va ostida yashaydigan hasharotlar, sudralib yuruvchilar qatori ilonni ham yeyish harom ekanligi aytilgan. Sababi Alloh taolo pok narsalarni halol qilgan va inson tabiati jirkanadigan narsalarni harom qilgan.
Bu mavzuda Imom Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniy Hanafiy rahmatullohi alayh shunday deydilar:
وقوله عز شأنه (ويحرم عليهم الخبائث) والضفدع والسرطان والحية ونحوها من الخبائث وروى عن رسول الله صلى الله عليه وسلم سئل عن ضفدع يجعل شحمه في الدواء فنهى عليه الصلاة والسلام عن قتل الضفادع وذلك نهى عن أكله وروى انه لما سئل عنه فقال عليه الصلاة والسلام خبيثة من الخبائث.
ya’ni: “Alloh taolo: “Ularga jirkanch narsalarni harom qiladi”, – deydi. Qurbaqa, qisqichbaqa, ilon va shunga o‘xshaganlar jirkanch hayvonlardan hisoblanadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan qurbaqaning yog‘ini doriga qo‘shish haqida so‘ralganda, uni o‘ldirishdan qaytardilar. Bu uni yeyishdan qaytarishdir. Rivoyat qilinishicha, u zot alayhissolatu vassalamdan qurbaqa haqida so‘ralganda: “Jirkanch hayvonlardan biri” – deganlar”.(“Badoi’us sanoye’” kitobi).
“Bahrur roiq” nomli kitobda shunday deyiladi:
وَسُئِلَ الْحَسَنُ بْنُ عَلِيٍّ عَنْ أَكْلِ الْحَيَّةِ وَالْقُنْفُذِ ، أَوْ أَكْلِ الدَّوَاءِ الَّذِي فِيهِ الْحَيَّةُ إذَا أَشَارَ الطَّبِيبُ الْحَاذِقُ بِأَنَّهُ يَدْفَعُ الْعِلَّةَ هَلْ يَحِلُّ أَكْلُهُ قَالَ : لَا
ya’ni: “Hasan ibn Ali rahimahullohdan: “Mohir tabib, kasallikni daf qiladi desa, ilon va tipratikan yeyish yoki tarkibida ilon bo‘lgan dori iste’mol qilish halol bo‘ladimi?” deb so‘raldi. U kishi: “Yo‘q, halol bo‘lmaydi”, – deb javob berdilar”.
Demak, ilon sho‘rvani ichish halol emas. Erkak kishiga quvvat beradigan dori-darmonlarni halol narsalar ichidan izlashimiz kerak. Tibbiy mavzuda yozilgan kitoblarni o‘qilsa, juda ko‘plab tabiiy halol oziq-ovqatlar tavsiya qilingan. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi; ibodat natijasida paydo bo‘ladigan ruhiy xotirjamlik, ko‘zni nomahramlardan tiyish, er-xotin o‘rtasidagi kuchli muhabbat, sport bilan shug‘ullanish, umr davomida jinsiy hayotni mo‘’tadil va uzluksiz davom ettirish, to‘g‘ri ovqatlanish va dam olish, mast qiluvchi ichimliklar va tamaki mahsulotlaridan chetlanish erkaklik quvvatini yetarlicha oshiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.