ILMIY ISHLARNI O‘ZGALARGA SOTISH JOIZMI?

ID: 622

04.04.2025

20

Savol:

O‘zim yozgan yo tayyorlagan ijodiy ishlarni (maqola, ocherk, she’r, hikoya, diplom ishi) xaridor bo‘lgan odamga sotsam bo‘ladimi? Bunda sotib olgan odam unda o‘zini muallif qilib ko‘rsatadi.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Kishi o‘zi tayyorlagan moddiy va ma’naviy narsalarni xohlaganday ishlatishi mumkin. Lekin boshqaning ijodiy ishini sotib olib, o‘zini muallif qilib ko‘rsatishda yolg‘on va aldov bor. Ayniqsa, sotib olingan o‘zgalarning ilmiy ishlari ortidan biror shahodat (diplom), ilmiy unvonga ega bo‘ladigan va moddiy manfaat ko‘radigan bo‘lsa, buning gunohi ham, zarari ham  boshqalarinikidan kattaroq bo‘ladi.

Dinimizda gunohga yordam berish yo‘q, shuning uchun unday kishilarga ijodiy ishlarni sotish durust emas.

Islomda o‘zi qilmagan ishni qildim deyish va yo‘q sifatlari bilan maqtanish man qilingan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

لَا تَحْسَبَنَّ الَّذِينَ يَفْرَحُونَ بِمَا أَتَوْا وَيُحِبُّونَ أَنْ يُحْمَدُوا بِمَا لَمْ يَفْعَلُوا فَلَا تَحْسَبَنَّهُمْ بِمَفَازَةٍ مِنَ الْعَذَابِ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ

ya’ni: “O‘z qilmishlari bilan mag‘rurlanadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan xalos bo‘ladilar deb, hisoblamang, aslo! Ularga (oxiratda) alamli azob (bordir)” (Oli Imron surasi, 188-oyat).

O‘zgalarni aldashning oqibati haqida Abu Hurayra raziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

مَنْ حَمَلَ عَلَيْنَا السِّلاَحَ فَلَيْسَ مِنَّا ، وَمَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا  (رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Kim bizga qarshi qurol ko‘tarsa va kim bizni aldasa, bizdan emas” (Imom Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar