Sovuqda haj yoki umrada ikki qavat ehrom kiysa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Havoning sovuqligi tufayli ikki qavat ehrom kiyishning hech qanday zarari yo‘q. Eng asosiysi tikilgan kiyim bo‘lmasligi shartdir.
المحرم ممنوع عن لبس المخيط، ولكن على وجه المعتاد حتى لو اتزر" بالسراويل أو ارتدى بالقميص فلا بأس به
“Ehromdagi erkak kishi uchun kiyimni odatda kiyiladigan tarzda kiyish taqiqlangan. Agar shimini izor kabi bog‘lab olsa yoki odatiy kiyimini yengini kiymasdan ustiga tashlab olsa, zarari yo‘q” (“Zaxirai Burhoniy”).
والحاصل أن المحرم ممنوع عن لبس المخيط على الوجه المعتاد حتى لو أتزر بالسراويل أو ارتدى بالقميص أو اتشح به بأن أدخله تحت يده اليمنى وألقاه على كتفه اليسرى فلا بأس به،
“Hosil gap shuki, ehromdagi kishi kiyimni odatda kiyiladigan tarzda kiyishdan qaytarilgan. Agar shimini izor qilib kiysa yoki kiyimini yengiga qo‘lini tiqmasdan ustiga tashlab olsa yoki (xuddi ehromdagi matoni kiygani kabi) o‘ng qo‘ltig‘i ostidan kirgizib, chap yelkasi ustiga tashlab olsa, zarari yo‘q” ("Fatovo Tatarxoniya").
Ehrom libosi tikilgan kiyim bo‘lmagani sababli sovuq kunlarda ikki qavat kiyishning hech qanday karohiyati yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.