IKKI HAYIT ORASIDA TO‘Y QILIB BO‘LMAYDIMI?

ID: 332

04.04.2025

115

Savol:

Uylanmoqchiman. Ramazondan keyin to‘y qilmoqchi edik, ammo uyimizdagilar ikki hayit orasida to‘y qilib bo‘lmaydi deb to‘yni qurbon hayitidan keyinga surishmoqchi. Ularga buni noto‘g‘ri ekanini qanday tushuntirsam bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Haqiqatda bunday tushuncha, bunday e’tiqod noto‘g‘ri hisoblanadi. Ikki hayit orasida to‘y qilsak, biror musibat bo‘ladi degan o‘y bilan to‘yni kechiktirish katta xatodir. Agar bu shar’an to‘g‘ri bo‘lganida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam eng sevimli ayollari Oisha raziyallohu anhuga Shavvol oyi (ikki hayit orasidagi oy)da uylanmas edilar. Qolaversa, Oisha onamizning o‘zlari nikohlari bu oyda bo‘lganini faxr bilan aytganlar va o‘z qarindosh ayollarining to‘yi Shavvolda bo‘lishini mustahab sanar edilar.

عن عاشئة رضي الله عنها قالت تزوَّجَني النَّبيُّ صلَّى اللَّهُ علَيهِ وسلَّمَ في شوَّالٍ وبنَى بي في شوَّالٍ، فأيُّ نسائِهِ كانَ أحظَى عندَهُ منِّي، وَكانت عائشةُ تستحبُّ أن تُدْخِلَ نساءَها في شوَّالٍ  رواه مسلم

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Shavvol oyida meni o‘z nikohlariga oldilar, Shavvolda men bilan birga yashashni boshladilar, u Zotning qay ayollari mendan ko‘ra nasibaliroq, der edilar. O‘z qarindosh ayollarining to‘yi Shavvolda bo‘lishini mustahab sanar edilar. Imom Muslim rivoyati.

Oisha onamiz nikohni shavvol oyida bo‘lishini yaxshi ko‘rishining sababi arablar johiliyat davrida aynan shu oyda uylanishni yomon ko‘rishar edi. Chunki, ular bu oyni xosiyatsiz deb shumlanishar edi. Shunga ham Oisha raziyallohu anho bu e’tiqodni odamlardan to‘laligicha o‘chirib tashlashni xohlab Nabiy sallallohu alayhi va sallam u onamizga shu oyda uylanganini dalil qildilar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar