IKKI HARAMDA JUMA NAMOZINI O'QISH

ID: 7243

11.02.2026

162

Savol:

Ikki haramda jumaning birinchi azoni peshin vaqtidan oldinroq aytilar ekan. Hanafiylar ikki haramda juma namozini qanday tartibda o'qishlari kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Saudiyadagi aksar masjidlarda, xususan, Masjidun nabaviy va Masjidul haromda juma kunidagi birinchi azon hali peshin vaqti kirmay turib aytiladi. Bu azondan keyin, agar quyosh qiyom (tikka)da bo'lmasa, nafl yoki qazo namozlarni o'qish mumkin. Ammo hali peshin vaqti kirmagani uchun bu jumaning avvalgi sunnati o'rniga o'tmaydi. Ikkinchi azondan keyin to'rt rakat namoz o'qish mudddaticha imom xutbaga chiqmay tursa, bu vaqtda avvalgi sunnatni o'qib olsa bo'ladi. Lekin ikkinchi azondan keyin darrov imom minbarga chiqib, xutbani boshlasa, bu payt sunnat o'qilmaydi. Чunki imom xutba qilgan vaqtda nafl namoz o'qish mumkin emas. Demak, avvalgi sunnatni vaqtida o'qiy olmagan kishi jumaning farzidan keyin ikkala sunnatni o'qiydi. Har ikkisiga jumaning sunnati, deb niyat qiladi. Juma namozi peshin namozi o'rniga joriy qilingani uchun peshin namozining sunnatiga tegishli hukmlar juma namozining sunnatiga ham tegishli bo'ladi. حکم الأربع قبل الجمعة کالأربع قبل الظهر “Jumadan oldingi to'rt rakatli sunnat peshindan avvalgi to'rt rakatli sunnatga o'xshashdir”. (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar