Shariatimizga ko‘ra ijaraga olingan narsani boshqa kishiga ijaraga berish mumkinmi? Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy, molikiy va shofe’iy ulamolarga ko‘ra (hanbaliylarda ham sahih gap shunday) ijaraga olingan narsani o‘zgaga ijaraga berish joiz. Buning shartlari: ijaraga olingan narsa shartnoma muddatida qo‘lda tutib turilgan bo‘lishi va ijaraga olingan narsa foydalanuvchi o‘zgarishi bilan yomon ta’sirga uchramasligi kerak. Hanafiy ulamolarimiz, agar birinchi ijara haqqi bilan ikkinchisining jinsi bir xil (masalan bir xil pul birligi) bo‘lmasa, bu ish joiz deyishgan. Agar ikki ijara haqqining jinsi bir xil bo‘lsa, birinchi ijaraga oluvchiga birinchi ijara haqqidan ortig‘i durust bo‘lmaydi (masalan 100 mingga ijaraga olingan uyni 120 mingga o‘zgaga ijaraga bera olmaydi), chunki ortiqcha mablag‘da shubha bor. Ortiqcha olib qo‘ygan bo‘lsa, sadaqa qiladi. Lekin ikkinchi ijara bitimi durust bo‘ladi (“Kuvayt fiqh entsiklopediyasi”).
Ijara – biror evaz muqobiliga ma’lum manfaatlardan foydalanish uchun tuzilgan savdo shartnomasi. Manfaatlar foydalanish muddati va xizmat turini aytish bilan ma’lum bo‘ladi (“Muxtasarul viqoya” kitobi). Ijara ikki qismga bo‘linadi:
Inson mehnatini ijaraga olish. Masalan, kiyim tikib berish, yuk tashib berish va boshqa xizmatlar. Bu xizmatlarda ham xizmatga yollangan kishiga ishni o‘zi yoki o‘z qo‘li bilan qilib berish shart qilinsa, xizmatga yollangan kishi bu ishni boshqaga qildira olmaydi. Lekin umumiy qilib, shu xizmatni qilib bering, deyilgan bo‘lsa, yollangan kishi bu ishga boshqa odamni yollashi mumkin.
Ayni bir narsani ijaraga olish. Masalan, uyni yashash uchun ijaraga olish, mashinani minishi uchun ijaraga olish va shu kabilar. Uy yoki do‘konni ijaraga olganda unda nima qilishini aytmasa ham bitim to‘g‘ri bo‘laveradi. U yerda istagan faoliyatini olib boradi, faqat binoga zarar yetkazadigan ishlar durust emas.
Ijaraga olingan narsaning talofatga uchrashida ijaraga olgan tomonning aybi bo‘lmasa, masalan, kelishilgan maqsadda ishlatgan yoki mashinaga belgilangan miqdorda yuk ortgan bo‘lsa, to‘lab bermaydi. Ijaraga oluvchi haddan oshgan bo‘lsa, ijaraga olingan narsaga uning aybi bilan talofat yetsa to‘lab beradi (“Kuvayt fiqh entsiklopediyasi” va “Muxtasarul viqoya” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.