"Kilka" degan konserva bor. Arzon baliq, uzunligi 3 sm atrofida, ichi tozalanmagan, shu halolmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Kilka va shunga o‘xshagan mayda baliqlarni ichi tozalanmagan bo‘lsa ham tuzlangan yoki boshqa (dudlangan, konserva) ko‘rinishida yeyish halol. Ichida qolgan narsa – oz bo‘lgani va tozalash katta mashaqqat tug‘dirgani sababli afv qilinadi.
Alloh taolo bandalariga yengillikni xohlaydi, bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ ﴾ البقرة: 185 ﴿
ya’ni: “...Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat).
Dinimizdagi mo‘tadillik, yengillik haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
إن الدين يسر، ولن يشاد أحد الدين إلا غلبه... (رواه البخاري. عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, din osondir. Kim dinni qattiq olsa, din uni yengib qo‘yadi...” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Kim dinga amal qilishda haddidan oshsa, oxirida uning amali uzilib qoladi. Amal qilolmay mag‘lub bo‘ladi.
Mayda baliqlarning hukmi haqida “Kuvayt fiqh entsiklopediyasi”da shunday deyiladi:
وَالْفَسِيخُ إِنْ كَانَ صَغِيرًا كَانَ طَاهِرًا فِي الْمَذَاهِبِ الأْرْبَعَةِ ، لأِنَّهُ مَعْفُوٌّ عَمَّا فِي بَطْنِهِ ، لِعُسْرِ تَنْقِيَةِ مَا فِيه
ya’ni: “Tuzlangan baliqlar kichik bo‘lsa, to‘rt mazhabga ko‘ra ham pok bo‘ladi. CHunki uning qornidagi (qolib ketgan) narsa tozalash qiyin bo‘lgani uchun afv qilingan” (5-juz, 132-bet “Suv hayvonlari: haloli va haromi” mavzusi).
Savolda zikr qilingan mayda baliqchalarning bir necha turidan yiliga olti yuz ming (600 000) tonna ovlanar ekan. Alloh taolo bandalarini rizqini yer yuziga sochib qo‘ygani kabi, suvda ham undan kam bo‘lmagan rizqni tarqatib qo‘ygan. Buning ustiga mujtahid ulamolarimizning (rahmatullohi alayhim) zakovati sababli bu baliqlarni tozalash hukmini bizga oson qildi. Barcha maqtovlar Allohga xosdir.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.