IBODAT QABUL BO'LISHINING ALOMATI

ID: 4083

10.11.2025

87

Savol:

Assalomu alaykum. Savollarimizga berayotgan javobingiz uchun tashakkur. Alloh rozi bo'lsin. Savolim shundan iborat: Namozlarimiz, ibodatlarimiz qabul bo'layotganining qanday alomatlari bor? Meni har kuni "namozlarim qabul bo'lmayotgan bo'lsa-chi?" degan o'y-hayollar qiynaydi, ko'pincha namozga turganimda. Buning sababi nimada? Ijtimoiy tarmoqda юrtimiz ahli ilmlaridan biri "bir namozni o'qib, keyingi namozni ham o'qiy olsangiz, oldingi namozingiz qabul bo'libdi, agar keyingisini o'qiy olmasangiz, oldingi namozingiz qabul bo'lmabdi," dedilar. Bu qanchalik to'g'ri? Ba'zi bir sabablar bilan namozimiz qazo bo'lsa, shunda oldingi namozimiz qabul bo'lmagan bo'ladimi (masalan, bomdodga uxlab qolsak yoki qandaydir ishlar bilan chalg'ib, qazo qilib qo'ysak kabi sabablar)?

Javob:

Va alaykum assalom. Ibodatlarimizning qabul bo'lgani yolg'iz Alloh taologagina ma'lum bo'lgan g'ayb ishidir. Ulamolar aytganidek, bir solih amaldan so'ng yana boshqa bir yaxshi amalga muvaffaq bo'lish, avvalgi amalning qabul bo'lganiga umid bag'ishlaydigan alomatdir. Ammo bu qat'iy qoida emas. Biror sabab bilan keyingi namozni qazo qilib qo'yish, avvalgi namoz aniq qabul bo'lmaganini anglatmaydi. Bunday xulosa chiqarish noto'g'ri.

"Ibodatim qabul bo'lmayotgandir" degan doimiy xavotir esa, ko'pincha shaytonning vasvasasi bo'lib, mo'min kishini ibodatdan sovutishga urinishidir. Bandaning vazifasi ixlos bilan amal qilish, xato-kamchiliklariga istig'for aytish va Allohning rahmatidan doim umidvor bo'lishdir. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar