SOCH OLDIRMAY EHROMDAN CHIQSA

ID: 272

04.04.2025

163

Savol:

Ehromdagi kishi tavof va sa’y qilganidan keyin soch oldirishni unutib qo‘yib, tikilgan kiyim kiyib qo‘ysa, unga nima lozim bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bunday holatda ziyoratchi amallarni bajargan bo‘lsada, soch oldirmay turib ehromdan chiqa olmaydi. Shuning uchun bunday holatda Haram hududiga qaytib (agar chiqib ketgan bo‘lsa) ehromini qaytadan kiyib, sochini oldiradi yoki qisqartiradi. Ushbu masalaning quyidagicha tafsiloti mavjud: Ehromdagi kishi tavof va sa’yni bajarib bo‘lgach ya’ni amallarni to‘liq bajarib, lekin soch oldirmasdan turib tikilgan kiyim kiygan bo‘lsa va shu holatda bir kun (o‘n ikki soat) yoki bir kecha (o‘n ikki soat) to‘liq o‘tmasdan sochini oldirgan yoki qisqartirgan bo‘lsa, uning zimmasiga sadaqai fitr yoki uning miqdoricha pulni sadaqa qilishligi lozim bo‘ladi. Agar bir kun yoki bir kecha o‘tgandan so‘ng sochini oldirgan yo qisqartirgan bo‘lsa u holda mazkur ziyoratchiga Haram hududida bir qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. “Irshodus soriy” kitobida quyidagicha keltirilgan:

"فإذا لبس مخيطًا يومًا كاملًا أو ليلةً كاملةً فعليه دم، و في أقلّ من يوم (أي مقدار نهار و لو ينقص ساعةً) أو ليلة صدقة، (وهي نصف صاع من بر) و كذا لو لبس ساعةً (أي نجومية و هي جزء من أجزاء إثني عشر حالة اعتدال الليل و النهار) فصدقة  باب الجنايات، النوع الأول في حكم اللبس، ص: ٤٢٤- ٤٢٦،

“Agar ziyoratchi bir kun yoki bir kecha to‘liq tikilgan kiyim kiygan bo‘lsa, uning zimmasiga qon vojib bo‘ladi. Agar bir kundan (bir soat bo‘lsa ham) ozroq bo‘lsa, (yarim so’ bug‘doy yoki uning qiymatini) sadaqa qilishligi lozim bo‘ladi. Garchi ozgina vaqt kiygan bo‘lsa ham”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar