QURBONLIK QILINADIGAN HAYVONNING XIZMATIDAN FOYDALANISH JOIZMI?

ID: 505

04.04.2025

83

Savol:

Qurbonlik qilinadigan hayvonni suti yoki xizmatidan foydalanish joizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Qurbonlik uchun olingan jonliqning suti, juni va xizmatidan foydalanish makruh hisoblanadi. Bu haqida “Fatovoi hindiya” kitobida bunday deyilgan:

لَوْ اشْتَرَى شَاةً لِلْأُضْحِيَّةِ يُكْرَهُ أَنْ يَحْلِبَهَا أَوْ يَجُزَّ صُوفَهَا فَيَنْتَفِعَ بِهِ ؛ لِأَنَّهُ عَيَّنَهَا لِلْقُرْبَةِ فَلَا يَحِلُّ لَهُ الِانْتِفَاعُ بِجُزْءٍ مِنْ أَجْزَائِهَا قَبْلَ إقَامَةِ الْقُرْبَةِ بِهَا

“Qurbonlik uchun sotib olingan qo‘yni sog‘ish yoki junini olib, foydalanish makruhdir. Chunki qurbonlik qiluvchi kishi Allohga yaqin bo‘lish uchun jonliqni ta’yin qildi. Shunday ekan, jonliq bilan Allohga yaqinlik hosil bo‘lishidan oldin uning biror-bir bo‘lagidan foydalanish halol bo‘lmaydi”.

Bu masalada qurbonlik qiluvchi kishini boy yoki kambag‘al bo‘lishini farqi yo‘q. Sababi, “Fatovoi G‘iyosiya”da bunday deyilgan:

وَالصَّحِيحُ أَنَّ الْمُوسِرَ وَالْمُعْسِرَ فِي حَلْبِهَا وَجَزِّ صُوفِهَا سَوَاءٌ

“Jonliqni sog‘ish va junini olish makruhligi borasida boy va kambag‘al bo‘lishning farqi yo‘qligi to‘g‘ri so‘zdir”.

“Zohiriyya” kitobida: “Qurbonlik uchun olingan jonliq so‘yilishidan oldin mabodo suti sog‘ilsa yoki juni olinsa, ulardan foydalanilmaydi, balki sadaqa qilinadi”, deyilgan.

“Fatovoi hindiyya” kitobida shunday deyiladi:

وَإِنْ كَانَ فِي ضَرْعِهَا لَبَنٌ وَيُخَافُ يَنْضَحُ ضَرْعَهَا بِالْمَاءِ الْبَارِدِ ، فَإِنْ تَقَلَّصَ وَإِلَّا حَلَبَ وَتَصَدَّقَ

“Agar qurbonlik qilinadigan jonliqning yelinida suti bo‘lib, sog‘ilmasa jonliqga zarar yetishi xavfi bo‘lsa, yeliniga sovuq suv sepiladi. Agar sovuq suv sepish bilan yelin bo‘shashib, qisqarsa yaxshi. Ammo yelin bo‘shashmasa, sut sog‘iladi va sadaqa qilinadi”.

Demak, qurbonlik uchun so‘yiladigan hayvonni suti sog‘ilsa yoki juni olinsa, egasi undan foydalanmaydi, balki barchasini sadaqa qiladi.

Qurbonlik uchun olingan hayvonni minish va undan foydalanish borasida “Fatovoi hindiya” kitobida bunday deyilgan:

وَيُكْرَهُ رُكُوبُهَا وَاسْتِعْمَالُهَا، فَإِنْ فَعَلَ فَنَقَصَهَا فَعَلَيْهِ التَّصَدُّقُ بِمَا نَقَصَ ، وَإِنْ آجَرَهَا تَصَدَّقَ بِأَجْرِهَا

“Qurbonlik uchun olingan jonliqni minish va undan foydalanish makruhdur. Mabodo, undan foydalanib, nuqson yetkazsa, yetkazgan nuqson miqdoricha mablag‘ sadaqa qilinadi. Agar uni ijaraga bersa, ijaradan tushgan daromadni sadaqa qiladi”.

Xulosa shuki, qurbonlik uchun olingan hayvonni sog‘ish, junidan foydalanish, minish va ijaraga berish mumkin emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar