Oilamiz bilan yashayotgan hovlini ikkiga bo‘lib, bir qismini 4 yil avval sotuvga qo‘yganman. Haligacha sotilgani yo‘q. Sotganimda (narxini bilgach) zakot beramanmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Yashab turgan hovlingizning sotish uchun ajratilgan qismi to sotilmagunicha uning qiymatidan zakot berish vojib bo‘lmaydi. Chunki, shariatimizda sotish niyatida olinmagan, keyinchalik sotish niyati paydo bo‘lgan mollarga “tijorat moli” deyilmaydi.
لَا يَصِيرُ لِلتّجَارَةِ وَ إنْ نوَاهُ لهَا مَا لَمْ يَبعْه
ya’ni: “(Mulkka egador bo‘lish vaqtida sotish niyati bo‘lmagan) narsani sotish niyat qilinsada, to sotilmagunicha u tijorat moliga aylanmaydi (“Sharhul viqoya” kitobi).
Demak bunday holatda, sotuvga qo‘yilgan qism zakot nisobi miqdoricha yoki undan ko‘p mablag‘ga sotilsa va bir yil ehtiyojdan ortiqcha bo‘lib tursa, o‘sha mablag‘ning 1/40 (qirqdan biri)ni zakot qilib berasiz. Agar siz har yili nisob miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘lib, zakot berib yurgan bo‘lsangiz, hovli sotilgan yilidayoq, qo‘lingizdagi mablag‘ga qo‘shib, umumiy summaning 1/40 (qirqdan biri)ni zakot qilib ajratasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.