HOMILADOR HAYVONNI SO‘YISH

ID: 181

04.04.2025

158

Savol:

Men qassobchilik bilan shug‘ullanaman. Dinimizda homilador hayvonni so‘yish yoki so‘ymaslik borasida nimalar deyilgan?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Fiqhiy kitoblarda bu masalaga asosan qurbonlik kitobida duch kelamiz. Shu e’tibordan ulardan ba’zilarini ko‘rib chiqsak:

ويكره ذبح الشاة اذا تقارب  ولادتها؛ لانه يضيع ما في بطنها

“Qo‘yni tug‘ishi yaqinlashib qolgan vaqtda so‘yish makruh bo‘ladi. Chunki bunda uning qornidagi narsani zoye qilish bor”. (Bahrur roiq).

شاة او بقرة اشرفت علي الولادة، قالوا: يكره ذبحها؛ لان فيه تضييع الولد

“Ulamolar tug‘ishi yaqin qolgan mol va qo‘ylarni so‘yishlikni makruh deb, bunda hayvonning bolasini zoye qilish bor dedilar”. (Fatovo hindiya).

وفي"النوازل" ايضا: رجل له شاة حامل، فاراد ذبحها، فان تقاربت الولادة يكره ذبحها؛ لانه تضييع ما في بطنها من غير زيادة فائدة

“Shuningdek “Navozil”da ham, bir kishining homilador qo‘yi bo‘lib, uni so‘ymoqchi bo‘lsa, agar qo‘yning tug‘ishi yaqin bo‘lsa, so‘yish makruh bo‘ladi. Chunki bunda ortiqcha foydasiz hayvonning homilasini zoye qilish bor deyilgan”. (Muhiyti Burhoniy).

Shuningdek, bu yerdagi “makruh”dan makruhi tanzihiy iroda qilingan. Chunki ulamolar makruhlikning illati “تضييع الولد” ya’ni bolani zoye qilish ekani va bu noaniq bir ish ekani ham aytganlar. Chunki bunda onasini so‘yganda bolasi zoye bo‘lishi bilan birga sog‘ qolishi ehtimoli ham bor. Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, bu masalani bayon qilganda fiqhiy iboralarda تقارب (tug‘ishi yaqin qolgan) اشرفت  (tug‘ish arafasida) fe’llari ishlatilgan bo‘lib, bu iboralardan homilador bo‘lgan, lekin tug‘ishi yaqin bo‘lmagan hayvonni so‘yish joizligi kelib chiqadi. Yuqoridagi ma’noni alloma Ibn Obidin rahimahulloh shunday bayon qilgan:

وليس في ذبح الام اضاعة الولد لعدم التيقن بموته  

“Hayvonning bolasini o‘lishi aniq bo‘lmaganligi uchun onasini so‘yishda bolasini zoye qilish yo‘q”. (Raddul Muhtor).

قلنا اباحة ذبح الحامل لانه يتوهم ان ينفصل الجنين حيا فيذبح، او لان المقصود لحم الام و ذبح الحيوان لغرض صحيح حلال كما لو ذبح ما ليس بماكول لمقصود الجلد

“Homilador hayvonni so‘yish mubohligining sababi, bolasi tirik chiqib uni ham so‘yib olish imkoni borligi yoki so‘yishdan bolasini emas, onasini go‘shti qasd qilinganidir. Chunki hayvonni to‘g‘ri maqsadda so‘yish xuddi go‘shti yeyilmaydigan hayvonni terisi uchun so‘yish joiz bo‘lganidek haloldir". (Kifoya sharhi Hidoya).

Agar hayvonni homilador yoki homilador emasligi aniq bo‘lmasa va uni so‘ygach homiladorligi bilinsa uni so‘ygan va so‘ydirgan insonlar gunohkor bo‘lmaydi. (Fatovo Qosimiya).

Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni xulosa qilish mumkinki, tug‘ishi yaqin qolgan homilador hayvonni so‘yish zarurat bo‘lganda bekarohat joiz. Shuningdek zaruratsiz so‘yilganda ham so‘yuvchi yoki so‘ydirgan kishini gunohkor bo‘ldi deyilmaydi. Lekin zaruratsiz so‘yishda hayvonni bolasini zoye qilish ehtimoli bo‘lgani uchun afzal ish hisoblanmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar