HOMILA TUSHIB QOLGANIDAN KEYIN KELGAN QON NIFOS HISOBLANADIMI?

ID: 3

04.04.2025

602

Savol:

Bir oylik homila onaning qornidan tushdi. Kelayotgan qon nifos deb hisoblanadimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Agar homila tushib qolgan vaqtda qo‘l, oyoq, soch kabi a’zolari bilinib qolgan bo‘lsa, bu bola hisoblanadi va onadan kelgan qon ham nifosdir. 

Agar hech qanday a’zosi bilinmasa, bola hisoblanmaydi va keladigan qon ayoldagi holatga qarab, hayz yoki istihoza bo‘ladi. Mazkur qon uch kun bilan o‘n kun orasida kelsa va avvalgi ko‘rgan hayzi bilan bu qon orasi o‘n besh yoki undan ko‘p muddat bo‘lgan bo‘lsa, qon hayz bo‘ladi. Agar uch kundan kam kelsa, istihoza bo‘ladi. O‘n kun yoki undan kam kelsa, barchasi hayz bo‘ladi. O‘n kundan ko‘p kelsa, odatda ko‘radigan kunlari hayz bo‘lib, odatidan keyingi kunlari istihoza bo‘ladi va odatidan keyingi kunlardagi namozning qazosini o‘qib qo‘yadi. 

Agar avvalgi ko‘rgan hayzi bilan bu qon orasi o‘n besh kundan kam bo‘lsa, qon istihoza bo‘ladi.

ظهر ‌بعض ‌خلقه ‌كيد ‌أو ‌رجل أو أصبع أو ظفر أو شعر، ولد حكما فتصير المرأة به نفساء فإن لم يظهر له شيء فليس بشيء، والمرئي حيض إن دام ثلاثا وتقدمه طهر تام وإلا استحاضة

“Qo‘l, oyoq, barmoq, tirnoq, soch kabi a’zolari bilinib, tushib qolgan homila bola hisoblanadi va ayol nufaso(nifos ko‘rayotgan ayol)ga aylanadi. Agar a’zolari bilinmagan bo‘lsa, tushib qolgan homila bola hisoblanmaydi. Kelgan qon agar uch kun davom etsa va avval ko‘rilgan hayz bilan bu qonning orasida to‘liq poklik o‘tgan bo‘lsa, hayz bo‘ladi. Bunday bo‘lmasa, istihoza bo‘ladi”. ("Raddul muhtor" kitobi). Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar