Biz haj safaridamiz, Arafa kuni ro‘za tutmoqchi edik. Ba’zilar, bu amal hajga bormaganlar uchun, hajga borganlar bu ro‘zani tutmaydi, deyishmoqda. Shuni aniqlashtirib bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Arafa kuni ro‘za tutish mustahab amaldir. Hojilar zaiflashib qolmasalar, bu ro‘zani tutishlari yaxshi. Lekin ro‘za ularni Arafa kunidagi ibodatlardan zaiflashtirib qo‘ysa, bu kungi ro‘zani tutishlari makruh bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz shunday deyishgan.
(قوله: لم يضعفه) صفة لحاج أي إن كان لا يضعفه عن الوقوف بعرفات ولا يخل بالدعوات محيط فلو أضعفه كره
"Agar ro‘za hojini Arafotdagi vuquf (turish)dan zaiflashtirmasa va u kungi duolarni qilishga xalal bermasa, mustahabdir ("Muhit" kitobi). Agar ro‘za hojini zaiflashtirib qo‘ysa, uni tutish makruh (xush ko‘rilmagan)dir" ("Raddul muhtor" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.