Men Umra ziyoratiga borganimda Madinai munavvaradagi “Ravzai sharif” ichiga kirolmadim endi meni Umram nima bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Haj yoki Umra ibodatlarini ado etish uchun borayotgan ziyoratchilarimiz shu narsani yaxshi bilib olishlari zarur bo‘ladiki, Madinai munavvaradagi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ravzai shariflarini ziyorat qilish Umra yoki Haj ibodatlarining bir qismi hisoblanmaydi. Ya’ni Umra yoki hajning farzlari va vojiblari hatto sunnatlari yoki mustahablari qatorida ham ravza ziyorati zikr etilmagan va bu narsa ravzaga kirmagan kishining Haj yoki Umrasiga nuqson yetkazmaydi in sha Alloh.
Albatta ravzai sharifning fazilatlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan:
عنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضى الله عنه عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ : ( مَا بَيْنَ بَيْتِى وَمِنْبَرِى رَوْضَةٌ مِنْ رِيَاضِ الْجَنَّةِ ) رواه البخاري (1196) ومسلم (1391)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollalohu alayhi va sallam dedilar: “Uyim va minbarim orasida jannat bog‘laridan bir bog‘ bordir” Buxoriy (1196), Muslim (1391).
عَنِ النبيِّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ، قالَ: ما بيْنَ بَيْتي ومِنْبَرِي رَوْضَةٌ مِن رِيَاضِ الجَنَّةِ، ومِنْبَرِي علَى حَوْضِي.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: u zot dedilar: “Uyim va minbarim orasida jannat bog‘laridan bir bog‘ bordir va minbarim havzim ustidadir”. Buxoriy (1888).
Mazkur hadislardagi “Jannat bog‘laridan bir bog‘ bordir” jumlasini ulamolar turlicha sharh qilishgan. Jumladan: Imom Navaviy aytadilar: Ba’zilar “Mazkur joydagi ibodat egasini jannat bog‘lariga yetaklaydi” desalar, boshqalari esa, jumladan hofiz Ibn Hajar: “Ushbu joyga ya’ni ravzai sharifga jannatning rahmat va saodatlari nozil bo‘lib turadi” deganlar. (Fathul-Boriy. 4/100-bet.) Aksar ulamolar esa, mazkur joy aynan jannatning bir bo‘lagi bo‘lib, qiyomatdan keyin yana asli bo‘lgan jannatga qaytariladi huddi “Hajarul-asvad” singari deganlar (Sharhi Muslim.9/162-163-betlar).
Shunga ko‘ra, ravzai sharifning ulug‘ va fazilatli bir makon ekanligi ma’lum bo‘ladi va imkon topgan kishilar bu joyga kirib, ibodat qilsalar albatta nur ustiga nur bo‘ladi. Ammo bugungi kunda ziyoratchilar sonini keskin ko‘payib ketgani tufayli Saudiya arabistoni “Haj va umra vazirligi” tomonidan ravzai sharifga kirish uchun maxsus tartib joriy qilingan bo‘lib, ushbu tartibga ko‘ra har bir ziyoratchi uchun maxsus “Tasrih” ya’ni ruxsatnoma beriladi va mazkur ruxsatnomaga ega bo‘lmagan kishilarni ravzaga kiritilmaydi va ko‘p holatlarda ziyoratchilar Madinai munavvarada uch yoki to‘rt kun istiqomat qiladilar va ushbu qisqa muddat ichida ularga tasrih ya’ni ruxsatnoma chiqmay qolsa, tabiyki ravzaga kira olmaydilar. Ammo ushbu holga tushgan kishilar hecham shubhaga bormasliklari lozim bo‘ladiki, birinchidan yuqorida ta’kidlaganimiz kabi ravzaga kirish bu haj yoki umraning bir qismi emas balki qo‘shimcha bir fazilat xolos va unga kirmaslik tufayli haj yoki umra amallari nuqsonli bo‘lib qolmaydi. Ikkinchidan u joyga kirish yoki kirmaslik ziyoratchining o‘z ixtiyoridagi ish bo‘lmay balki yuqorida aytilganidek, Saudiya arabistoni “Haj va Umra vazirligi” ixtiyoridagi ish bo‘lib, modomiki, vazirlik tomonidan maxsus ruxsatnoma ya’ni “Tasrih” hujjati taqdim etilmagani sababli ziyoratchilar ravzaga kira olmasalar, bu ish uchun hojilar yoki ularning guruh rahbarlari yo tashkilotchilar mas’ul bo‘lmaydilar. Zero, bu ularga bog‘liq yoki ularning vakolatlaridagi ish emas.
Shu o‘rinda yana shuni ham ta’kidlash joizki, Madinai munavvarada ziyoratchilar qilishlari lozim bo‘lgan eng muhim amal bu ravzaga kirish emas balki avvalo janobi payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga so‘ngidan esa, u zotning ikki sohiblari Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolarga salom berish bo‘lib, ushbu salomlashish uchun olib boruvchi “Bobus-salom” eshigi doimo ya’ni tunu-kun ochiq bo‘ladi va ziyoratchilar imkon qadar har namozga borganlarida salom berib o‘tishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Zero, ko‘pchilik bugungi kunda Ravzaga kirishlikni rasululloh va ikki sohiblariga salom berishdan ham ko‘ra muhimroq degan noto‘g‘ri e’tiqodga bormoqdalar va salomlashishni o‘rniga ham ravzaga kirishga urinmoqdalar.
Yoki bir marta salomlashishning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmoqdalar.
Albatta bu ularning shariatimiz ahkom va qonunlarini yaxshi bilmasliklari oqibatidir.
Shuning uchun ham bizning bu boradagi tavsiyamiz shuki: avaalo har bir Umra yoki Haj ibodatlarini ado etish maqsadida yo‘lga otlangan kishi mazkur ibodatlar haqida ya’ni ularning farz va vojiblari hamda sunnat va odoblari haqida shuningdek Madinai munavvara odoblari haqida batafsil va kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari lozim bo‘ladi.
Bu borada yetarli ilm va tushunchaga ega bo‘lib so‘ng safarlari asnosida ushbu bilganlariga amal qilsalar, bir qancha mablag‘ xarj qilish hamda yillar davomida intizorlik bilan kutish evaziga amalga oshirgan Haj va Umra ibodatlari jiddiy nuqson va jinoyatlarsiz ado topadi va in sha Alloh maqbul bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.