Hijriy hisobda qaysi oydan keyin qay biri kelishini bilmayman. Iloji bo‘lsa hamma oylarni nomi bilan bilishni xohlardim. Oldindan rahmat!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hijriy-qamariy oylar o‘n ikkita. Ular quyidagi nomlar bilan yuritiladi:
Muharram;
Safar;
Rabiul avval;
Rabius soniy (yoki Rabi’ul oxir);
Jumodul avval;
Jumodus soniy (yoki Jumodul oxira);
Rajab;
Sha’bon;
Ramazon;
Shavvol;
Zulqa’da;
Zulhijja.
Dinimizda Ramazon oyi, haj mavsumi kabi ibodatlarni vaqtini belgilashda hijriy-qamariy taqvim (kalendar)dan foydalaniladi. Bu taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘rinsa, ertasi kunduzi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli bir hijriy-qamariy yil 354 kun bo‘lib, melodiy yildan 11 kun kam bo‘ladi. Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi.
Hijiy-qamariy taqvimdan foydalanishga ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob raziyallohu anhu davrida, ya’ni 16 hijriy yilning Rabe’ul avval oyida qaror qilindi va keladigan 1-Muharram 17 hijriy yilning boshi deb hisoblandi. Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan yillari asos qilib olindi. Bu melodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy”, degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Qamariy taqvimdan Islom kelishidan avval ham arab qabilalari foydalanishgan. Lekin oylarning ismlari har xil bo‘lgan. Mana shu turli xillik ular uchun muhim tijorat va ibodat mavsumi bo‘lgan haj vaqtini belgilashda mushkillik tug‘dirgan. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning beshinchi bobolari Kilob ibn Murra hayotligida qabila boshliqlari majlis qilishib, oy nomlarini bir xil qilishga kelishadilar. Oy nomlarini esa voqe’likdan kelib chiqib qo‘yishadi:
Hijriy-qamariy yil melodiy yildan 11 kun kamligi va har yili 11 kun erta kelganligi sababli, oylar yilning turli fasllarida aylanib keladi. Tabiiyki, dastlabki nomlanishidagi ma’nolarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.