Hijoma – qon oldirish haqida, uning fazilati, samarasi va qonun qoidalari haqida batafsil tushuncha bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Hijomaning fazilati borasida ko‘plab sahih hadislar vorid bo‘lgan. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom:
إن أمثل ما تداويتم به الحجامة
“Sizlarning eng yaxshi muolajangiz — hijoma qildirishdir”, deganlar (Imom Termiziy “Shamoil”da rivoyat qilgan). Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam:
إن كان في شيء مما تداوون به خير ففي الحجامة
“Agar sizlar davolanayotgan ayrim narsalarda xayr bo‘ladigan bo‘lsa, bu hijomadadir”, deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Mojalar rivoyati). Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda:
ما مررت ليلة أسري بي بملأ من الملائكة إلا كلهم يقول لي: يا محمد عليك بالحجامة
“Isro kechasi qaysi bir farishtalar jamoasi oldidan o‘tgan bo‘lsam, ularning har biri “Ey Muhammad, hijomaga ahamiyat bergin”, der edi” deyilgan (Imom Ibn Moja rivoyati).
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, maloikalar Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamga hijomani tavsiya qilishgan. Imom Abu Dovudning “Sunan”larida rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari va ikki kuraklari orasidan hijoma qildirardilar va: “Kimki qon oldirib yuradigan bo‘lsa, kasallikdan davolanmasa ham bo‘laveradi” derdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlaridan va ikki kuraklari orasidan hijoma qildirganlar. Inson kasallik bezovta qilayotgan joydan yoki hojat bo‘lsa boshqa joyidan qon oldirishi mumkin.
Hijoma qilishni bugungi kun meditsinasi ham e’tirof etmoqda. U turli kasalliklar, jumladan, qon quyulishi sababli hosil bo‘ladigan tiqilishlarda, shamollash, nerv to‘qimalardagi og‘riqlarda, to‘satdan sanchiq berib og‘riydigan holatlarda, holsizlik va erinchog‘lik kasalliklarida hamda xotira pasayishi kabi shikoyatlarda juda katta manfaat berishi o‘z tasdig‘ini topgan.
Hijoma qildirish o‘ta to‘qlik holatida ham ochlik holatida ham to‘g‘ri kelmaydi. Hijomaning eng foydasi ko‘proq bo‘ladigan kunlar qomariy oyning o‘n yettinchi, o‘n to‘qqizinchi va yigirma birinchi kunlaridir. Payg‘ambarimiz alayhissalom:
من احتجتم لسبع عشر وتسع عشر وإحدى وعشرين كان شفاءً من كل داء
“Kim o‘n yettinchi, o‘n to‘qqizinchi va yigirma birinchi kunlarida hijoma qildirsa, barcha dardlarga shifo bo‘ladi” deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hijomani sohaning ustasi, mohir tabib olib borishi zarur. Ishlatiladigan uskunalarning hammasi sterillangan holatda bo‘lishi shart. Agar belgilangan vaqtidan boshqa vaqtda qon oldirilsa, aks natijalar berishi yoki boshqa kasalliklarga sababchi bo‘lib qolishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.