Junub holda uxlab qolsa ertalab o‘yg‘onganda hayzi kelib qolgan bo‘lsa g‘usl qilishi kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bunday holda ayolning ixtiyori o‘zida bo‘ladi, xohlasa o‘sha paytda g‘usl qiladi, xohlasa hayzdan poklangandan keyin g‘usl qiladi. Bu haqda “Al-Muhitul-Burhoniy” kitobida shunday deyiladi:
وإذا أجنبت المرأة ثم أدركها الحيض فهي بالخيار إن شاءت اغتسلت؛ لأن فيه زيادة تنظيف وإزالة أحد الحدثين، وإن شاءت أخرت الاغتسال حتى تطهر؛ لأن الاغتسال للتطهير حتى تتمكن من أداء الصلاة، ألا ترى أن الجنب إذا أخر الاغتسال إلى وقت الصلاة لا يأثم، دل أن المقصود من الطهارة الصلاة، ومن لا يتمكن من الصلاة، فكان لها أن لا تغتسل.
“Ayol kishi junub bo‘lsa va keyin hayz ko‘rsa, ixtiyori o‘zida bo‘ladi. Xohlasa g‘usl qiladi, chunki g‘uslda ziyoda poklik va ikki nopoklikdan birini ketkazish bor. Xohlasa poklanguncha g‘usl qilishni kechiktirib turadi. Chunki g‘usl poklanish uchun va bu poklanish bilan u namozni ado qilishga imkon topadi. Ko‘rmaysizmi, junub kishi g‘uslni namoz vaqtigacha kechiktirsa, gunohkor bo‘lmasligi, poklikdan maqsad namoz ekaniga dalolat qiladi. Kim (hayz, nifos kabi holatlarda) namoz o‘qishga imkon topmasa, g‘usl qilmasligi joizdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.