Hojilar haj amallarini bajarish jarayonida Mino va Arafotga ham chiqib keladilar. Ular ushbu joylarda to‘rt rakatli namozlarni to‘liq o‘qiydilarmi yoki qasr qiladilarmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bizning mazhabimiz so‘ziga ko‘ra, Mino va Arafotga chiqishning namozni qasr qilishiga ta’siri yo‘q. Ya’ni u yerga chiqqan hoji muqim bo‘lsa namozlarni to‘liq o‘qiydi. Agar musofir bo‘lsa qasr o‘qiydi.
Alloma Badruddin Ayniy “Umdatul qoriy” da quyidagilarni aytadilar:
وقال أكثر أهل العلم، منهم عطاء والزهري والثوري والكوفيون وأبو حنيفة وأصحابه والشافعي وأحمد وأبو ثور: لا يقصر الصلاة أهل مكة بمنى وعرفات لانتفاء مسافة القصر. وقال الطحاوي: وليس الحج موجبا للقصر لأن أهل منى وعرفات إذا كانوا حجاجا أتموا، وليس هو متعلقا بالموضع، وإنما هو متعلق بالسفر، وأهل مكة مقيمون هناك لا يقصرون، ولما كان المقيم لا يقصر لو خرج إلى منى كذلك الحاج.
“Ahli ilmlarning aksari, jumladan Ato, Zuhriy, Savriy, Ko‘fa ulamolari, Abu Hanifa va shogirdlari, Shofeiy, Ahmad va Abu Savrlar Makka ahlining Mino va Arafotda qasr qilmasliklarini aytganlar. Chunki Makka va bu joylar orasida qasr masofasi topilmaydi. Tahoviy “Haj qasrni vojib qilmaydi. Zero, Mino va Arafot ahli haj qilsa namozni to‘liq o‘qiydi. Chunki, qasr qilishning joyga aloqasi yo‘q. Albatta, u safarga aloqador narsadir. Makka aholisi u joyda muqim hisoblanadilar. Muqim Minoga chiqqanda qasr qilmagani kabi hoji ham agar muqim bo‘lsa (Mino va Arafotga chiqqanda to‘liq o‘qiydi)”.
"Muhiyti Burhoniy" kitobida mazkur masala batafsil bayon qilingan. Bu xususda "Fatavoi Tatarxoniya" kitobida ham mazhabimizning katta imomlaridan naql va jiddiy tanbehlar keltirilgan. "Raddul muhtor" kitobida ham ushbu so‘zlar aytib o‘tilgan.
Yuqoridagi iboralardan kelib chiqib quyidagilarni aytishimiz mumkin. Agar hoji Makkaga borganda 15 kun turgandan keyin Mino va Arafotga chiqsa, Makkada ham, Mino va Arafotda ham, u yerdan qaytgandan keyin ham to‘rt rakatli namozlarni to‘liq o‘qiydi. Chunki u Makkada muqim hisoblanadi.
Agar hoji Minoga chiqishdan oldin Makkada 15 kundan kamroq tursa, u Makkada ham, Mino va Arafotga chiqqanda ham qasr o‘qiydi. Chunki u musofir hisoblanadi. Makkaga qaytgandan keyin u ushbu shaharda 15 kun turishni qasd qilsa to‘liq o‘qiydi. Agar 15 kundan kamroq turishni qasd qilsa qasr o‘qiydi.
Shu o‘rinda yana bir mulohazani aytib o‘tamiz: Mino va Arafotda jamoatga imom bo‘layotgan kishilar Makkada 15 kun turgandan keyin chiqqan bo‘lsalar to‘liq o‘qiydilar. Ularga iqtido qilgan hojilar, xoh muqim bo‘lsin, xoh musofir bo‘lsin, to‘rt rakat o‘qiyveradilar. Agar imom 15 kun turmasdan chiqqan bo‘lsa qasr o‘qiydi. Unga iqtido qilgan kishi 15 kundan oldin chiqqan bo‘lsa ya’ni musofir bo‘lsa qasr qiladi. 15 kun va undan ko‘proq muddat turib chiqqan bo‘lsa imom ikki rakat o‘qigandan keyin turib qolgan ikki rakatni o‘zi o‘qib tugatadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.