Hayzim tugadi lekin hali g‘usl qilmadim. Erim bilan yaqinlik qilsam keyin ikkovigayam g‘usl qilsam bo‘ladimi? Yoki birinchi g‘usl qilib keyin yaqinlik qilaylikmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Savolning javobi hayz 10 kundan keyin, yoki 10 kundan avval, yo ayolning odatiga yetib, yoki odatiga yetmay to‘xtashiga qarab turlicha bo‘ladi.
Hayzning eng ko‘p muddati (10 kun) o‘tgach, garchi g‘usl qilmagan bo‘lsa ham, ayoli bilan jinsiy aloqada bo‘lish halol bo‘ladi, xoh u birinchi marta hayz ko‘ruvchi, xoh avval hayz ko‘rgan, odati bor ayol bo‘lsin. Shu holatda ham er xotinini toki g‘usl qilmaguncha jimo qilmay turishi mustahabdir (Muhit kitobi).
Agar qon hayzning eng ko‘p muddati (10 kun)dan kamrog‘ida to‘xtasa, toki ayol g‘usl qilmaguncha yoki namoz vaqtining oxiri (ya’ni, g‘usl va takbiri tahrima sig‘adigan vaqt) o‘tmaguncha, uni jimo qilish joiz emas. Bu masalalar hayz ko‘ruvchining odati to‘liq bo‘lgandadir.
Agar qon ayolning odat kunlaridan kam vaqtda to‘xtasa, toki odat kunlari kelmaguncha unga jinsiy yaqinlik qilish makruh bo‘ladi, agarchi ayol g‘usl qilgan bo‘lsa ham. Lekin ayol odat kunlari kelgunicha ehtiyotan namoz o‘qiydi va ro‘za tutadi.
Birinchi hayz ko‘rayotgan qiz o‘n kundan kamiga pok bo‘lsa yoki odati bor ayol odatidan avval pok bo‘lsa, tahorat va g‘uslni namozning oxirgi vaqtlariga kechiktiradi. Faqat namozning vaqti kechikib, makruh vaqti kirib qolmasa, bas. ("Fathu bobil inoya", "Durarul hukkom" "Fatovoi Hindiya" kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.