HAYZ HOLATIDA GUNOH YOZILMAYDIMI?

ID: 517

04.04.2025

85

Savol:

Ayol hayz holatida biror xato, gunoh yoki harom ishlar qilsa, gunoh yozilmaydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hayz holatida gunoh ish qilinsa, albatta, gunoh yoziladi.

Dinimizda hayz ko‘rgan ayol namoz va Qur’on o‘qimasligi, (qazosini tutib berish sharti bilan) ro‘za tutmasligi, masjidga kirmasligi, eri bilan yaqinlik qilmasligi kabi hukmlar mavjud. Bu ibodatlarni bajarmagani uchun gunoh yozilmaydi, chunki bu shariatni ruxsati.

Lekin hayz payti shariat man qilgan gunoh ish (yolg‘on, g‘iybat, bo‘hton, o‘g‘rilik va boshqa)larni qilsada gunoh yozilmaydi degan hukm yo‘q. Bunday ishlar gunoh bo‘lib yozilishi aniqdir.

Gunoh yozilmaydigan kishilar haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qiladilar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uch (toifa)dan qalam ko‘tarilgan. (Bular:) Uxlayotgan odamdan to turgunicha, aql-hushini yo‘qotgandan to tuzalgunicha, yosh boladan to katta bo‘lgunicha”, deganlar (Imom Abu Dovud, Termiziy, Ahmad rivoyat qilishgan). Ya’ni, hadisda sanalgan kishilarga ma’lum vaqtgacha gunoh yozilmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar