Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa yurt ulamolari karantin sababli hayit namozini uyda o‘qish kerakligini aytishmoqda ekan. SHu bilan birga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan hayit namozini uyda o‘qib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda. Qaysi biriga amal qilishimiz kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Aslida bu masaladagi turlichalik hayit namozini o‘tkazib yuborgan yoki biror uzrga ko‘ra unga yetisha olmagan kishi uni qazosini o‘qisa joiz bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida mazhablar o‘rtasidagi ixtilofga borib taqaladi. Hayit namozining qazosini hanafiy va molikiy ulamolar o‘qish joizmas, deyishgan bo‘lsa, shofeiy va hanbaliy ulamolar joiz deganlar.
SHu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur masaladagi mazhablar o‘rtasidagi ixtilof sahobalar davridagi ixtilofdan kelib chiqqandir.
SHofeiy va hanbaliylar hayit namozini qazosini o‘qisa joiz bo‘ladi, degan gaplariga anas raziyallohu anhuning amalini dalil qiladilar. Rivoyat qilinishicha Anas ibn Molik raziyallohu anhu hayit namozini o‘tkazib yuborsa, ahli-oilasi va farzandlarini jamlar, so‘ng mavlosi abdulloh ibn abu Utba barchalariga imom bo‘lib, xuddi shahar ahli o‘qiydigan suratda takbirlar bilan ikki rakaat namoz o‘qib berar edilar.
“Hayit namozining qazosi o‘qilmaydi” degan hanafiy va molikiy ulamolarga ko‘ra hayit namozi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonilaridan faqat katta jamoat bilan namozgohda ado etilgan. Ushbu namozni qazo qilish Nabiy alayhisalomning na so‘zlari va na fe’llari bilan sobit bo‘lgan. Xususan, ibodat masalalari tavqifiy (vahiyga asoslangan) bo‘lib, uni biror ibodatga qiyoslab ado etilmaydi.
Ushbu masalada mazkur ikki mazhab o‘rtasidagi xilofni yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun Imom Burhoniddin Marg‘iloniyning mashhur “al-Hidoya” asariga yozilgan sharhlardan biridan iqtibos keltiramiz:
“Imom bilan birga iyd namozini ado etolmagan kishi biz hanafiylarga ko‘ra uni qazo qilib o‘qimaydi. CHunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lgan. YOlg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi. Imom SHofeiy ushbu masalada bizga xilof qilgan bo‘lib, “U imom bilan qanday o‘qisa yolg‘iz holida shunday ado etadi”, deganlar. CHunki jamoat va sultonning izni Imom SHofeiyga ko‘ra shart sanalmaydi. Biz hanafiylarga ko‘ra esa hayit namozi jamoat va sultonning izni kabi maxsus shartlar topilgandagina o‘qish mumkin bo‘lgan namoz sanaladi. Agar hayit namozini ado eta olmasa uni qazo qila olmaydi” (Al-Inoya sharhul-Hidoya).
Demak, hayit namozi borasidagi ixtilof mazhablar o‘rtasidagi ijtihodiy ixtilof ekani ma’lum bo‘lmoqda. Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, hayit namozini maxsus shartlari bor namoz bo‘lish bilan birga, vojib namoz hisoblanadi. SHofeiy mazhabiga ko‘ra esa, bu namoz sunnat va ularning nazdida hanafiylarda qo‘yilgan ayrim shartlar yo‘q. SHu bois, shofeiylarga ko‘ra, hayit namozini xuddi tarovih namozi kabi uyda, yolg‘iz tartibda yoki oilaviy o‘qisa bo‘ladi. Saudiya Arabistoni va Al-Azhar ulamolarining fatvosi shofeiylarga ko‘ra berilgan.
Ammo fiqhda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lgan yurtlarda, jumladan bizning yurtimizda bugungidek vaziyatlarda hayit namozi uylarda ham o‘qilmaydi. CHunki hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida eslatib o‘tamizki, hayit namozini yolg‘iz o‘qish joiz yoki joizmasligi ijtihodiy masalalardan sanaladi. Har ikki toifa mazhab ulamolarining ham sahobalarning so‘zidan dalillari bor. SHunday ekan har bir yurt musulmonlari o‘zgalarning mazhabini ehtirom qilgan holda o‘z yurtlaridagi ilm ahllariga ergashishlari va turli ixtiloflarga barham berishlari lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.