Hayit namoziga ulgurolmasak, o‘sha yerda bizga o‘xshab kechikkanlar bilan jamoat bo‘lib o‘qisak bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bunday qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar imomga ergashib hayit namozini o‘qiyolmagan bo‘lsa, o‘sha joyga yaqin bo‘lgan boshqa masjidlarga borish va u jamoat bilan hayit namozini o‘qishga harakat qilinadi. Bu haqida fiqhiy manbaalarimizda shunday ko‘rsatma kelgan:
فاذا فاتت مع امام و امكنه ان يذهب الي امام اخر فانه يذهب اليه لانه يجوز تعدادها في مصر واحد في موضعين واكثراتفاقا
“Agar hayit namozini imom bilan avvalgi jamoatda ado qilolmagan bo‘lsa va uning uchun boshqa jamoatga borish imkoni bo‘lsa, shunday qiladi. Chunki, bir shaharda ikki yoki undan ziyoda makonlarda hayit namozini ado qilish joiz ekanligiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar”. ("Bahrur roiq" kitobi, 2 jild 283-bet). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.