Hayit namoziga kechikib kelgan kishi namozni qanday o‘qiydi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu holat bir necha ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Masalan:
Imom birinchi rak’atdagi takbiri zavoid (qo‘shimcha takbirlar)larni aytib bo‘lib, qiroatga kirishgan bo‘lishi mumkin. Bunda muqtadiy (imomga ergashuvchi) takbiri tahrimani aytib qo‘lni bog‘lagach, tezda takbirlarni aytib so‘ng imomning qiroatini tinglaydi.
Agar imomni ruku holatda topsa va takbiri tahrimadan so‘ng qiyom holatida turib takbirlarni aytib, imom bilan rukuga yetishga gumoni g‘olib kelsa, takbirlarni tik turib aytadi. Agar ungacha imom rukudan boshini ko‘tarish ehtimoli ko‘p deb o‘ylasa, takbiri tahrimadan so‘ng rukuga ketib, rukuda qo‘llarini ko‘tarmasdan takbirlarni aytadi. Keyin rukuning tasbehlarini aytadi. Agar tasbehlarni aytishga imkon bo‘lmasa takbirlar bilan kifoyalanadi. Rukuda takbirlarni ham aytish imkoni bo‘lmay imom rukudan bosh ko‘tarsa muqtadiy ham unga ergashadi va takbirlar o‘z o‘zidan avf qilinadi.
Yoki imom birinchi rakatning rukusidan turganda yoxud ikkinchi rakatga kirishganda yetib kelgan bo‘lsa, bunda birinchi rakat o‘tib ketgan hisoblanadi. Shuning uchun muqtadiy kelgan joyidan ya’ni ikkinchi rakatdan imomga ergashib namozini o‘qiydi.Imom salom bergach, turib qolgan bir rakatni o‘qib oladi.
Qolgan bir rakatni o‘qish tartibi:
Birinchi sano (Subhanakallohumma...) duosi, ikkinchi ta’avvuz (A’uzu billahi...), uchinchi basmala (bismillahi...), to‘rtinchi Fotiha surasini o‘qish va zam surani o‘qiydi. So‘ng rukuga ketishdan oldin takbirotu zavoidni aytib (xuddi ikkinchi rakatdagidek) ruku qiladi. Takbirlarni (xuddi birinchi rakatdagidek) sanodan keyin aytsa ham bo‘ladi.
Agar muqtadiy imom ikkinchi rakatning rukusiga ketganda kelib qo‘shilsa, unda ikkinchi suratdagidek ish tutadi. Ya’ni qiyom holatida takbirlarni aytib, imom bilan rukuga yetishga gumoni g‘olib kelsa, takbirlarni tik turib aytadi. Agar ungacha imom rukudan boshini ko‘tarish ehtimoli ko‘p deb o‘ylasa, takbiri tahrimadan so‘ng rukuga ketib, rukuda qo‘llarini ko‘tarmasdan takbirlarni aytadi, keyin rukuning tasbehlarini aytadi. Agar tasbehlarni aytishga imkon bo‘lmasa takbirlar bilan kifoyalanadi. Rukuda takbirlarni ham aytish imkoni bo‘lmay imom rukudan bosh ko‘tarsa muqtadiy ham unga ergashadi va takbirlar o‘z o‘zidan avf etiladi.
Agar muqtadiy imomga ikkinchi rakatning rukusidan boshini ko‘targanda yoki qa’dai oxirda kelib qo‘shilsa, imomga iqtido qiladi va salomdan keyin turib birinchi rakatda takbirlarni sanodan keyin va ikkinchi rakatda qiroatdan keyin aytib hayit namozini ado qiladi. (“Hayit namozini o‘qish tartibi va bir nechta zaruriy masalalar” risolasidan) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.