Ma’lumki, hozirgi kunda haydovchilar odamlarni manzillariga eltish bilan birga ba’zi yuklarni ham tashiydilar. Ularni urfida bu yuklar “pochta” deyiladi. Ular mazkur “pochta”larni manziliga eltib bergani uchun xizmat haqqi oladilar. Ushbu haydovchilar mazkur yuklar, ya’ni “pochta”lar uchun mas’ul hisoblanadilarmi? Agar haydovchi o‘zi “yukka javob beraman” deb xizmat haqqini ko‘proq olsachi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu ijaraga tegishli masala bo‘lib, savoldagi haydovchilar shariatda “Ajiyri mushtarak” deyiladi. Ya’ni odatda yollanma ishchilar ikki turga bo‘linadilar. 1-“Ajiri xos” ya’ni maxsus bir kishi yoki aniq bir muassasa uchun ishlaydigan ishchi-xodimlar. 2-“Ajiri mushtarak” ya’ni umumiy ishchilar bo‘lib, ular bir kishi yoki aniq bir tashkilotga emas, balki barcha uchun xizmat qiladigan taksi haydovchilari, tikuvchilar va imorat ustalari kabi yollanma ishchilardir. Ajiri xos yukka mas’ul bo‘lmaydi. Chunki yuk uning qo‘lida omonat bo‘lib, omonatga uning aybisiz talofat yetsa, to‘lab berishi vojib bo‘lmaydi. Ammo uning aybi yoki beparvoligi tufayli zarar yetsa, albatta uni to‘lab beradi.
“Ajiri xos barchaning ijmo’si bilan qo‘lida halok bo‘lgan, yoki odatiy ishi sababli talofat yetgan narsaga zomin bo‘lmaydi”. (“Fathu bobil-inoya” kitobi).
Imom Abu Hanifa rahimahulloh ajiri mushtarakda ham hukm xuddi shunday deb aytganlar. Ammo Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar rahimahumalloh ajiri mushtarak zomin bo‘ladi, ya’ni qo‘lidagi yukka zarar yoki talofat yetsa, to‘lab berishi lozim bo‘ladi, deb aytganlar. Lekin g‘olib keluvchi umumiy ofat bundan mustasnodir. Ya’ni haydovchi yukni olib ketayotgan paytida unga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy ofat yoki uning aybisiz avtohalokat, yong‘in, suvga g‘arq bo‘lish kabilar tufayli u olib ketayotgan yukka zarar yetsa, albatta, ikki imomga ko‘ra ham haydovchi zomin bo‘lmaydi. Bu haqida shunday zikr qilingan:
"وَفِي التَّبْيِينِ وَبِقَوْلِهِمَا يُفْتَى الْيَوْمَ لِتَغَيُّرِ أَحْوَالِ النَّاسِ وَبِهِ يَحْصُلُ صِيَانَةُ أَمْوَالِهِمْ"
“Tabyin” kitobida yozilishicha, bugungi kunda insonlarning holatlari o‘zgargani e’tibori bilan Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning qavllariga fatvo beriladi. Shu yo‘l bilan odamlar mollarining muhofazasi hosil bo‘ladi” (“Durarul-hukkam” kitobi).
“Sharhul-viqoya” kitobida bu haqida shunday deyiladi:
اِعلَمْ أَنَّ الْمَتاعَ فِي يَدِهِ أَمانَةُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ رَحِمَهُ الله فَلَا يَضْمَنُ إلَّا بِالتَّعَدِّي كَمَا فِي الْوَدِيْعَةِ وَ عِنْدَهُما يَضْمَنُ إلّا إذا هَلَكَ بِسَبَبٍ لَا يُمْكِنُ الْاِحًتِرازُ عَنْهُ كَالْمَوْتِ حَتْفَ أَنْفِهِ وَ الْحَرْقِ الْغَالِبِ
Ya’ni: “Bilingki, uning (ajiri mushtarak) qo‘lidagi mato Abu Hanifaning (rahimahulloh) nazdilarida omonatdir. Shuning uchun u unga zomin bo‘lmaydi, magar xiyonat qilsagina to‘lab berishi vojib bo‘ladi. Ikki imomga ko‘ra esa ajiri mushtarak zomin bo‘ladi. Faqatgina, o‘lim, g‘olib keluvchi yong‘in kabi odatda saqlanishning imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasnodir”.
Shunga ko‘ra, umumiy haydovchilar ma’lum bir haq evaziga tashib beradigan yuklariga mas’ul hisoblanadilar. Xususan, yukka javobgarlik evaziga xizmat haqqini ko‘proq bo‘lishiga kelishilgan bo‘lsa. Chunki bu haqida shunday ta’kidlanadi:
"إذا شرط الضمان هنا صار كأن الأجرة في مقابلة العمل و الحفظ جميعا ففارق الوديعة التي لا أجر فيها"
Ya’ni: “Ajiri mushtarak matoga zominlikni shart qilgan bo‘lsa, go‘yoki bir vaqtning o‘zida ham ishi va ham matoning muhofazasi uchun haq olgan bo‘ladi. Shuning uchun ham bu holat hech qanday haq to‘lanmaydigan omonatdan farqlidir” (“Sharhul viqoya” kitobi).
Demak, haydovchi yukka javobgarlik sharti evaziga ko‘proq haq olishga kelishgan bo‘lsa, zomin bo‘lishi yanada qat’iy bo‘ladi. Chunki u bu holatda ikki narsa: yuk tashish va uning muhofazasi uchun haq olayapti. Illo yuqorida zikr etilgani kabi unga bog‘liq bo‘lmagan umumiy kutilmagan talofatlar, tabiiy ofatlar sababli yukka zarar yetsa, bu holatda haydovchi zomin (zararni qoplab beruvchi) hisoblanmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.