USHRDAN ZAKOT

ID: 3321

16.10.2025

203

Savol:

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Avvalgi savolga javobingiz uchun raxmat. Farazan: 01.09.2025 kuni xosil yig‘ib olindi va hammasi sotilganda 100 million so‘m pul bo‘ldi. Bundan 10 million so‘m ushrga berildi. Qolgan 90 million so‘m keyingi yil sentyabr ya’ni (01.09.2026) gacha xosil egasining uyida turibdi. Zakot nisobi 2026 yil uchun 70 million so‘m(masalan). Savol: Xosil yegasi shu ushri berilgan ammo 1 yil to‘lgan 90 milliondan zakot ham beradimi? Masalan 2026 yil oktyabr oyi.

Javob:

Ha, ushri berilgan hosil sotuvidan tushgan va bir yil davomida nisob miqdorida saqlangan puldan zakot berish vojib bo‘ladi. Sababi, ushr hosilning zakoti bo‘lib, yig‘ib olingan vaqtda ado etilgan. U sotilib, pulga aylangach, endi bu boshqa turdagi mulk hisoblanadi. Bu pul nisobga yetib, bir yil saqlangani uchun unga alohida zakot vojib bo‘ladi. Bu bir mulkdan ikki marta zakot olish hisoblanmaydi. Agar o‘sha hosil sotilmay, o‘zi bir yil saqlanganida edi, undan qayta zakot vojib bo‘lmas edi, chunki bir mulkning o‘zidan ikki marta zakot olinmaydi.

Mo‘’tabar manbalardan bo‘lmish «Roddul muhtor» kitobidagi quyidagi qoida buni tasdiqlaydi:

ولا تصح نية التجارة فيما خرج من أرضه العشرية ... لئلا يجتمع الحقان

«Ushr olinadigan yerdan chiqqan mahsulotda tijorat niyati durust bo‘lmaydi... toki ikki haq (ya’ni, ushr va tijorat zakoti) jamlanib qolmasin».

Sharh: Bu qoida bir mulkning o‘ziga, bir vaqtning o‘zida zakot va ushr vojib bo‘lmasligini bildiradi. Sizning holatingizda esa zakot ikki xil mulkka (avval hosilga, bir yildan keyin uning puliga) ikki xil vaqtda vojib bo‘lmoqda. Shu sababli ikkisini ham ado etish lozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar