Qimor o‘ynaydigan odam bilan savdoda sherikman. Uning gunohi menga ham gunoh bo‘lib yoziladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Savolingizning javobi biroz tafsilotga ega. Agar tijoratdagi sherigingizning topgan barcha moli qimor yoki sudxo‘rlik kabi haromdan topilgani aniq bo‘lsa, u bilan iqtisodiy muomalotlarda sherikchilik qilmasligingiz kerak bo‘ladi.
Agar sherigingizning haromdan ham, haloldan ham topgan puli bo‘lsayu, daromadining ko‘p qismi halol tomonidan bo‘lsa, u bilan sherikchilik qilishga ko‘pchilik ulamolar ruxsat berishgan. Lekin u bilan muomala qilish harom bo‘lmasada, makruh bo‘lishi ta’kidlangan. Hanafiy mazhabimiz ulamolaridan Alloma Hamaviy aytadilar:
معاملة من أكثر ماله حرام ولم يتحقق المأخوذ من ماله عين الحرام فلا تحرم مبايعته؛ لإمكان الحلال وعدم التحريم، ولكن يكره خوفًا من الوقوع في الحرام، كذا في "فتح القدير"
ya’ni: “Topgan molining aksari harom bo‘lgan, molidan olingan qismi aynan haromdan ekani ma’lum bo‘lmagan kishi bilan muomala qilish harom bo‘lmaydi. Chunki uning (sarflagan moli) haromdan emas, haloldan bo‘lishi ehtimoli bor. Lekin haromga tushib qolish xavfi borligi uchun makruh bo‘ladi. “Fathul-Qodir”da ham shunday” (“G‘omzu uyunil basoir” kitobi, 1-juz, 192-bet)
Agar sherigingizning halol va harom mablag‘i aralash bo‘lib, qaysi tomoni ustun ekani ma’lum bo‘lmasa, bunda ham u bilan sherikchilikni davom ettirishingiz joiz bo‘lmaydi. Chunki bunda shubha bor. Agar qattiq hojat bo‘lmasa, undan saqlanishingiz tavsiya etiladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflaridan birida:
إِنَّ الْحَلَالَ بَيِّنٌ، وَإِنَّ الْحَرَامَ بَيِّنٌ، وَبَيْنَهُمَا مُشْتَبِهَاتٌ لَا يَعْلَمُهُنَّ كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، فَمَنِ اتَّقَى الشُّبُهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ، وَعِرْضِهِ، وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ وَقَعَ فِي الْحَرَامِ، كَالرَّاعِي يَرْعَى حَوْلَ الْحِمَى، يُوشِكُ أَنْ يَرْتَعَ فِيهِ
“Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali) narsalarni odamlarning ko‘plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi. Bu xuddi qo‘riqxona atrofida (hayvon) boqqan cho‘ponga o‘xshaydi. Undan o‘tlab qo‘yishi turgan gap” deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.