HAROM LUQMA YEGAN KISHINING NAMOZI QABUL EMASMI?

ID: 934

04.04.2025

142

Savol:

Harom luqma yeganini bilgan odam qirq kun namozi qabul bo‘lmaydimi? Agar shunday bo‘lsa qirq kunlik namozini qayta o‘qiydimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Harom luqma sabab namoz qabul bo‘lmasligi borasida ba’zi hadislar kelgan. Jumladan:

من أكل لقمة من حرام لم تقبل منه صلاة أربعين ليلة" (رواه الامام الديلمي)"

ya’ni: “Kim harom luqma yesa, qirq kun namozi qabul qilinmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).

من شرب الخمر لم يقبل له أو لم يتقبل الله له صلاة أربعين صباحا" (رواه الامام الطبراني)"

ya’ni: “Kimki aroq ichsa, unga qirq kun ertalab namozi qabul qilinmaydi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Imom Navaviy rahimahulloh ushbu rivoyatlarni izohlab: “Bu hadislarda zikr qilingan namoz qabul qilinmasligidan uning savobi qabul bo‘lmasligi tushuniladi. Lekin bandaning zimmasidagi farz soqit bo‘ladi”, deganlar (“Sharhi sahihi Muslim” kitobi).

Shunday ekan, avvalo Alloh harom qilgan taom yoki ichimlik iste’mol qilishdan saqlanish va yuqorida zikr qilingan Payg‘ambarimizning hadislarni doim yodda saqlash lozim. Zero, mo‘min-musulmon uchun bitta namozining ajridan mahrum bo‘lishi ulkan musibatdir. Mabodo, bandalik qilib, bir marta aroq ichgan yoki harom luqma yegan kishi qirq kun namozim qabul bo‘lmas ekan, deb namozini o‘qimasdan yurmaydi. Balki, har bir namozni o‘z vaqtida o‘qishi farzdir. Ushbu o‘qigan namozlari zimmasidan soqit bo‘ladi va qayta o‘qishi shart bo‘lmaydi. Alloh yanada biluvchidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar