HAMMOMDA BAVL QILISH MUMKIN EMASMI?

ID: 698

04.04.2025

44

Savol:

Hammomga bavl qilsa vasvas kasaliga uchraydi deb eshitganman, shu haqida ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

G‘usl qilinadigan joy – hammomga bavl qilish (siyish) makruh amal hisoblanadi. Chunki Abdulloh ibn Mug‘affal raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Birortangiz yuvinadigan joyida bavl qilmasin! Chunki aksar vasvasa kasalliklar shundan kelib chiqadi” (Imom Termiziy, Imom Nasaiy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan). Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Birortangiz yuvinadigan joyida bavl qilmasin! Chunki aksar vasvasalar shundan kelib chiqadi”, deganlar.

Bu hadisi sharifni sharhida Alloma Mulla Ali Qori shunday deydilar:

واختلفوا في تعيين محمل النهي ، فحمله بعضهم على الأرض اللينة التي لا منفذ فيها كالبالوعة ونحوها ، نظراً إلى أن البول في الرخوة يستقر موضعه ، وفي الصلبة يجرى ولا يستقر ، فإذا صب عليه الماء ذهب أثره بالكلية ، وعكس بعضهم فحمل النهي على الأرض الصلبة ، نظراً إلى أنه في الصلبة يخشى عود الرشاش بخلاف الرخوة ، والأولى أن يحمل الحديث على إطلاقه ، ولا يقيد المغتسل بشيء من القيود فيحترز عن البول فيه مطلقاً ، فإن حصول الوسواس ليس مختصاً باللين ولا بالصلب بل قد يحصل من البول فيهما جميعاً.

ya’ni: “Ulamolar bavl qilish qaytarilgan o‘rin haqida ixtilof qilganlar. Ulardan ba’zilari suv oqib ketadigan yo‘li (quvuri) bo‘lmagan yumshoq yer nazarda tutilgan deydilar. Chunki yuviniladigan yumshoq yerdagi bavl o‘sha joyda o‘rnashib qoladi. Qattiq yerdagi bavl esa bir joyda turmay oqib ketadi va ustidan suv qo‘yib yuborilsa, bavl butunlay yo‘qoladi. Ba’zilari bu gapning butunlay teskarisini aytib, yuviniladigan qattiq joyga bavl qilinganda qaytib badanga sachrashi ehtimoli bor, yumshoq yerda bunday bo‘lmaydi, deydilar. Afzalrog‘i hadisi sharifni qanday bo‘lsa shunday tushunishdir. Chunki vasvasaga duchor bo‘lish yumshoq yoki qattiq yerga bavl qilishga xoslab qo‘yilmagan. Yuviniladigan har ikki xil yerga bavl qilganda ham vasvasa hosil bo‘lishi mumkin” (“Mirqotul mafatih” kitobi).

“Durrul muxtor” kitobida bavl va hojatga taalluqli makruh amallarni sanab, jumladan quyidagilarni aytib o‘tganlar: 

  • Ayol farzandini qibla tarafga qaratib to‘sishi,
  • oy va quyoshga yuzlangan holda hojat chiqarish,
  • suvga hojat chiqarish, quduq, anhor, xovuz, buloqlarning bir chetiga hojat chiqarish,
  • mevali daraxt ostiga, 
  • ekinzorga,
  • soya beruvchi daraxt ostiga, 
  • masjid atrofiga,
  • hayitgoh atrofiga, 
  • qabristonlarga,
  • chorpolar yuradigan joylar,
  • yo‘llarga, -  shamol esadigan tarafga,
  • sichqon, ilon, chumoli kabilarning iniga, 
  • yer teshiklariga, 
  • beuzr tik turgan holda, 
  • yonboshlagan holda,
  • yalang‘och holatda bavl qilish,
  • tahorat oladigan joyga yoki g‘usl qiladigan joyga bavl qilish. Bularning barchasi makruh amallar hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar