Salla o‘rashga targ‘ib qilingan bir ma’ruzani eshitib qoldim. Unda aytilishicha Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Salla o‘ranglar, chunki shaytonlar salla o‘ramaydi”, degan ekanlar. Shunda o‘ylab qoldim. Biz salla o‘ramasdan gunohkor bo‘lib qolmayapmizmi? Iltimos, shunga oydinlik kiritib berisangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ko‘p holda salla kiyib yurganlar. Ba’zi rivoyatlarda salla o‘ramasdan oddiy bosh kiyimida yurganlari ham naql qilingan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Badr g‘azotida musulmonlarga yordam bergan farishtalarning belgisi oq salla bo‘lib, peshini orqalariga tushirib olishgan ekan.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ الله عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم دَخَلَ مَكَّةَ عَامَ الْفَتْحِ وَعَلَيْهِ عِمَامَةٌ سَوْدَاءُ
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda "Nabiy sallallohu alayhi vasallam fath yili Makkaga kirganlarida boshlarida qora salla bor edi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyatlari).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم إِذَا اعْتَمَّ سَدَلَ عِمَامَتَهُ بَيْنَ كَتِفَيْهِ (رَوَاهُ الإمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam qachon salla o‘rasalar, uchini ikki kuraklari orasiga tushirib olar edilar”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shuning uchun ham o‘tmishda ahli ilm va fazilatli kishilar va ko‘pchilik ma’rifatparvar ajdodlarimiz sallada yurishni odat qilganlar.
Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Rasuli akram alayhissalomning ushbu kiyinish odatlari shariat buyrug‘i sifatida qabul qilinmagan. Biror bir olim salla kiymagan kishi gunohkor bo‘lishini aytmagan. Balki, Islom kelganida erkaklar sallada yurishlari urf-odatlardan biri bo‘lib, bu borada kofir ham musulmon ham barobar bo‘lgan. Bu haqida Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday deyishadi:
وأما لبس النبي صلى الله عليه وسلم العمامة وحمله العصا فهو فعل عادي وقع على عادة العرب ذلك الزمن، وليس فعلا تشريعيا يدل على الاستحباب ولا يتأسى به الناس
ya’ni, “Payg‘ambarimiz alayhissalomning salla kiyishlari va hassa tutishlari odatiy fe’llaridan bo‘lib, o‘sha zamon arablarining urflariga binoan qilinar edi. Bu ishlar mustahablikka dalolat qiladigan va odamlar o‘rnak oladigan shar’iy hukm (fe’l)lardan emas”.
Hozirda ayrim kishilar salla kiyishni hammaga, ommatan targ‘ib qilib, salla kiymagan kishini fosiqlikda ayblashlari voqe’lik fiqhini bilmaslikdandir. Chunki hozirgi kun sallasiz yurish deyarli barcha mo‘min-musulmonlar uchun urfga kirgan. Qolaversa, salla kiyish shariatda farz yoki vojib hatto sunnat darajasidagi amal emas. Biror bir sahih yoki hasan darajasidagi hadisda salla kiyish shart qilinmagan.
Ogoh bo‘lish lozimki, salla kiyishga targ‘ib qilingan ayrimlar dalil qilayotgan rivoyatlar to‘qima va hujjatga yaroqsiz rivoyatlardir. Xususan, savolda so‘ralgan “Salla o‘ranglar, chunki shaytonlar salla o‘ramaydi” jumlasi ham aslida hadis emas. Chunki uning sanadi ham va matni ham hadis kitoblarida zikr qilinmagan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.