HAJARUL ASVADNI O‘PISH UCHUN BOSHQALARGA AZIYAT BERISH

ID: 1154

02.05.2025

120

Savol:

Umra yoki hajda Hajarul asvadni o‘pish uchun tiqilinch paydo qilish va bir-biriga ozor berishning hukmi qanday bo‘ladi? Shu yerga tiqilishdan ko‘ra boshqa ibodatlarni qilish afzal emasmi? Shu haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Ming afsuski, siz aytgan dilxiraliklar uchrab turibdi. Ziyoratchilar, erkakmi, ayolmi, qanday qilib bo‘lsa ham Hajarul asvadni ushlash, o‘pish ilinjida o‘sha tomonga intilib bir-biriga aziyat berib qo‘ymoqdalar. Ulamolar bir ovozdan Hajarul asvadni o‘pishda hech kimga ozor bermaslikni shart qilganlar. Chunki mo‘min kishiga ozor yetkazish gunoh amaldir. Sunnat amal bo‘lgan Hajarul asvadni o‘paman deb gunohga yo‘l qo‘yilmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhuga shunday tavsiya qilganlar: " يا عمر، إنك رجل قوي، لا تزاحم على الحجر فتؤذي الضعيف، إن وجدت خلوة فاستلمه، وإلا فاستقبله فهلل وكبر " أخرجه أحمد “Ey, Umar, siz kuchli odamsiz, Hajarga yetishish uchun tiqilinch qilmang, kuchsizlarga ozor berib qo‘yasiz. Agar bo‘sh joy topsangiz, uni o‘ping. Yo‘qsa, unga yuzlanib, tahlil va takbir ayting” (Imom Ahmad rivoyatlari). Demak, o‘zgalarga ozor bermay Hajarul asvadni o‘pishning iloji bo‘lsa, shunday qiladi. Aks holda Hajarul asvadga uzoqdan qo‘l ko‘tarib ishora qiladi. O‘z o‘rnida tiqilinchga kirmasdan nafl tavof, nafl namoz, Qur’on tilovat qilish, zikr va Ka’baga qarab o‘tirish kabi ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, katta savobga ega bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar