Assalamu a'laykum Hadisda hijob ostidagi sochni yig'ib tuyani o'rkachiga o'xshatish la'natlangan deyilgan. Shunda sochni orqa tarafga yoyib olish kerakmi? Shar'iy hijob qanday bo'lishi kerak? Javob uchun rahmat
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صِنْفَانِ مِنْ أَهْلِ النَّارِ لَمْ أَرَهُمَا: قَوْمٌ مَعَهُمْ سِيَاطٌ كَأَذْنَابِ الْبَقَرِ يَضْرِبُونَ بِهَا النَّاسَ، وَنِسَاءٌ كَاسِيَاتٌ عَارِيَاتٌ مُمِيلَاتٌ مَائِلَاتٌ رُءُوسُهُنَّ كَأَسْنِمَةِ الْبُخْتِ الْمَائِلَةِ، لَا يَدْخُلْنَ الْجَنَّةَ وَلَا يَجِدْنَ رِيحَهَا، وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَدُ مِنْ مَسِيرَةِ كَذَا وَكَذَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ahli do‘zaxdan ikki toifasini ko‘rmadim: Bir qavmiki, qo‘llarida sigirning dumiga o‘xshash qamchilari boru ular ila odamlarni ururlar. Bir ayollariki, ular kiyimli yalang‘ochlar, yo‘ldan ozdiruvchilar, yo‘ldan ozuvchilar. Boshlari xuddi tuyaning qiyshaygan o‘rkachiga o‘xshaydi. Ular jannatga kirmaslar va uning hidini ham topmaslar. Albatta, uning hidi buncha va buncha masofadan kelib turur», dedilar» Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam do‘zax ahlidan bo‘lgan ikki toifa haqida xabar berib, ulardan biri sifatida:** «...Bir ayollariki, ular kiyimli yalang‘ochlar, yo‘ldan ozdiruvchilar, yo‘ldan ozuvchilar. Boshlari xuddi tuyaning qiyshaygan o‘rkachiga o‘xshaydi. Ular jannatga kirmaslar va uning hidini ham topmaslar...»** Sizni o‘ylantirgan masala aynan shu hadisdagi «Boshlari xuddi tuyaning qiyshaygan o‘rkachiga o‘xshaydi» degan jumladir.
Bu jumlaning sharhida Imom Navaviy o‘zlarining «Sahihi Muslim»ga yozgan sharhlarida bir necha fikrlarni keltirganlar. Ularning xulosasi shuki, bundan maqsad – ayollarning sochlarini boshning yuqori qismiga baland qilib yig‘ishi yoki ustidan qo‘shimcha matolar o‘rab, boshlarini katta va baland qilib ko‘rsatishidir.
Shunday ekan, muslima ayol hijobi ostida sochining qulayligi va tartibli bo‘lishi uchun uni yig‘ib olishi joiz. Bunda gunoh yo‘q. Faqatgina bir muhim jihatga e’tibor berishi lozim – soch boshning tepa qismiga baland qilib, bo‘rtib chiqqan o‘rkach shaklida yig‘ilmasligi kerak. Hijobning asl mohiyati – ziynatni yashirish, kamtarlik va iffat ekanini unutmaslik lozim. Vallohu a’lam.