Assalomu alaykum va rohmatulloh. Men quyidagi ma'nodagi hadisning sharhiga tushunmadim: "Kim hamma g'amlarini bitta g'amga almashtirsa (ya'ni, oxirat g'amiga), Alloh uning boshqa g'amlariga O'zi kifoya qiladi". Iltimos, to'liqroq tushuntirib bering.
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Siz eshitgan ma'nodagi hadisni Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Kimning g'ami oxirat bo'lsa, Alloh uning boyligini qalbiga solib qo'yadi, ishlarini jamlaydi (tartibga soladi) va dunyo unga bo'yin egib keladi. Kimning g'ami dunyo bo'lsa, Alloh uning faqirligini ikki ko'zi o'rtasiga qo'yib qo'yadi, ishlarini tarqatib юboradi va unga dunyodan faqat taqdir qilinganigina keladi".
Ushbu hadisi sharifning sharhiga to'xtaladigan bo'lsak, avvalo, hamma g'amni oxirat g'amiga almashtirish bu dunyoviy ishlarini, jumladan, rizq talab qilish, oilaga g'amxo'rlik qilish, kasb-kor tutishni butunlay tashlab, faqat ibodat bilan mashg'ul bo'lish degani emas. Balki, bu bandaning asosiy maqsadi, har bir ishidagi asosiy niyati Allohning roziligi va oxiratdagi najot bo'lishidir. U dunyo uchun ham harakat qiladi, lekin bu harakatni oxiratiga vosita deb biladi va dunyo matohlariga qalbi bilan bog'lanib qolmaydi. Uning qalbidagi eng katta tashvish "Robbim mendan rozimi?" degan savol bo'ladi.
Kim ana shunday niyatda yashasa, Alloh taolo unga uchta mukofot beradi. Birinchisi, boylikni uning qalbiga solishidir. Ya'ni, unga qanoat ne'matini beradi. U o'ziga berilgan oz narsaga ham xursand bo'ladi, haqiqiy boylik mol-dunyoning ko'pligida emas, qalb to'qligida ekanini his qiladi. Ikkinchisi, ishlarini jamlashidir. Ya'ni, Alloh uning ishlarini tartibga soladi, xotirini jam qiladi, qalbiga sokinlik beradi. Oilaviy va ijtimoiy ishlarini o'nglab, tashvishlarini engillashtiradi. Uchinchisi, dunyo unga bo'yin egib kelishidir. Ya'ni, unga taqdir qilingan rizq baribir keladi, lekin u bu rizqning ortidan zorlanib, o'zini xorlab юgurmaydi, balki rizqi unga osonlik bilan, xor bo'lmagan holida keladi. Aksincha, kim faqat dunyoni o'ylasa, Alloh uning qalbidan qanoatni olib, qancha topsa ham ko'zi to'ymaydigan "faqirlikni" ikki ko'zi oldiga qo'yib qo'yadi va ishlarini chigallashtirib, xotirini parishon qiladi. Vallohu a'lam.