NAMOZ VAQTLARI TAQVIMIDA KO‘RSATILGAN "QIBLA VAQTI" NIMANI ANGLATADI?

ID: 876

04.04.2025

198

Savol:

Namoz vaqtlari taqvimida “Qibla vaqti” ko‘rsatilgan. Shu vaqtda qiblaga yuzlangan bo‘lamizmi? Shu haqida batafsil tushuncha bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Namoz vaqtlari jadvalining oxirgi ustunida berilgan “qibla vaqti” – qibla soati degani. Ya’ni, ko‘rsatilgan vaqtda quyoshga qaragan odam qiblaga yuzlangan bo‘ladi.

Namoz yer yuzining qaysi burchagida o‘qilishidan qat’i nazar, Ka’baga qarab o‘qilishi shart. Hatto agar biror kishi safardami, cho‘lu sahrodami yurganda Ka’baning qaysi tarafdaligini bilolmay qolsa, ijtihod qilib, bir tarafni “qibla”, deb jazm etib, namozni boshlaydi. Bunda Quyosh yoki oy yoxud yulduzlarning yo‘nalishidan foydalanish, ular vositasida qiblani aniqlash zon (haqiqatga yaqin taxmin)ni ifodalaydi va ibodat masalalarida amal qilishga yaroqli sanaladi (“Bug‘yatul ariyb fi masailil-qibla val-mahorib” kitobi 80-81 betlar).

Alloh taolo Qur’oni karimda yulduzlarni yaratilishining hikmatlaridan birini bayon qilib shunday marhamat qilgan:

وَهُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ النُّجُومَ لِتَهْتَدُوا بِهَا فِي ظُلُمَاتِ الْبَرِّ وَالْبَحْرِ قَدْ فَصَّلْنَا الْآيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ

ya’ni: “U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong‘uliklarida yo‘l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan zotdir. Biladigan kishilar uchun oyatlarni batafsil bayon qildik” (An’om surasi 97-oyat).

Ushbu oyati karimaning tafsirida Imom Abu Hayyon rahimahulloh shunday deydilar: “Alloh taolo ushbu oyati bilan yulduzlarni yaratishdan eng katta foydasiga e’tiborni jalb qilmoqdi. U ham bo‘lsa yulduzlarni yaratishdan maqsad yo‘llar va ko‘chalarni topish, qasd qilingan taraflarni hamda qiblani aniqlashdir. Zero, tunda yulduzlar bilan qiblani aniqlansa, kunduzlari Quyoshning harakati bilan bilinadi” (“Bahrul muhiyt”kitobi 5/213).

Qibla soatini astronomik va muhandislik o‘lchovlar va hisob-kitoblar bilan aniqlanadi. Xarita ustida biror shahar va Makka orasida chizilgan to‘g‘ri chiziqqa – Qibla chizig‘i, deyiladi. Bu chiziq, qibla yo‘nalishini ko‘rsatadi. Quyosh shu chiziq ustiga kelganda, ana shu vaqt – Qibla soati bo‘ladi.

Qibla soati vaqtida, butun dunyoning qayerida bo‘lmasin, quyoshga qarab turganlar, qiblaga qarab turgan bo‘ladilar. Qiblani yanada aniqroq aniqlash uchun taqvimda ko‘rsatilgan quyosh yaxshi ko‘rinib turgan biror yerga bir cho‘p(tayoqcha) tikiladi. Yoki biror ipning uchiga tosh ilib osiltirish ham mumkin. O‘sha kungi taqvimda yozilgan namoz vaqtida cho‘pning yoki ipning soyasining  qarama-qarshi tomoni, ya’ni, quyosh turgan taraf qibla tarafni ko‘rsatadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar