AYOLIMNING MASHINA HAYDASHINI MAN QILISHGA HAQQIM BORMI?

ID: 867

04.04.2025

85

Savol:

Mening ayolim mendan avtomobil haydashga ruxsat so‘ramoqda. Men bunga qarshiman. Men bu ish bilan ayolimga zulm qilgan bo‘lamanmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Er xotinining avtomobil haydashiga qarshi bo‘lsa, unga zulm qilgan bo‘lmaydi. Chunki bu bilan er xotinni zaruriy hayotiy ehtiyojlar (ibodatlar, yeb-ichish, kiyinish, boshpana, jinsiy aloqa, ota-ona ziyorati va shu kabilar)dan to‘sayotgani yo‘q.

Shuni yaxshi bilishimiz kerakki, dinimizda ayollarga ko‘p haq-huquq va imtiyozlar berilgan. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Shu bilan bir qatorda ularning oilada xotin sifatida ba’zi burchlari ham borki, ularga amal qilish oila mustahkamligida muhim rol o‘ynaydi. Bu burch - erga itoatkor bo‘lish, shariatimizda mumkin bo‘lgan ishlarni erning ruxsati bilan qilishdir. Ya’ni, modomiki er gunoh ishga buyurmas ekan, xotin itoat qilishi shart bo‘ladi. Mana shu itoat xotin uchun ibodat hisoblanadi, ajru savob oladi. Chunki do‘stlik va muhabbatning eng katta kushandasi o‘zaro tortishuvdir. Alloh taolo Qur’oni karimda erkaklarga katta mas’uliyat yukladi, ya’ni ularga oila boshlig‘i bo‘lish, ahli-ayoliga har tomondan (moddiy, ma’naviy) g‘amxo‘r bo‘lish vazifasini topshirdi:

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ    

ya’ni: "Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir..." (Niso surasi 34-oyat).

Hozirgi kunda hamma javobini izlayotgan oila mustahkamligining asoslarini, shubhasiz, yuqoridagi kabi ilohiy ko‘rsatmalardan topamiz. Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: (http://fatvo.uz/question-view/182) Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar