Savolim shundan iborat mevalarni sotib olib sovutgichda saqlab sotish xaqida to'liqroq malumot bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlab qo'yish, zaxira qilish ikki maqsadga ko'ra bo'ladi:
Birinchi holat shahar ahliga zarar etkazadigan bo'lsa, ihtikor bo'lib Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining hadislarida bundan qaytarganlar.
Ma'mar ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
لا يحتكر إلا خاطئ (رواه مسلم)
“Faqat xatokor (osiy) kimsagina ihtikor qilur”, dedilar. (Imom Muslim rivoyatlari).
Hanafiy mazhabi ulamolaridan Imom Haskafiy rahimahulloh “Ad-durr al-muntaqo” kitobining sharhida shunday deydi: “Ihtikor so'zi shar'an ozuqa va shunga o'xshash narsalarni (ko'plab miqdorda) sotib olib, uni to narxlar qimmatlashgunga qadar (kamida) qirq kun davomida (bozorga chiqarmay) ushlab turishdir.
Ibn Obidin rahimahulloh ihtikor so'zining ta'rifida: “U egulik va shunga o'xshash narsalarni (ulgurji) sotib olib, so'ng narxlar qimmatlashini poylab, qirq kun g'amlab qo'yishdir”
Bu tarifdan ma'lum bo'ladiki ihtikor shahar yoki qishloqlardagi (odam yoki hayvon tanovul qiladigan) oziq-ovqat va shunga o'xshash insonlarning hojati ko'p tushadigan mahsulotni ulgurji sotib olib, bozorga chiqarmay ushlab turish va sun'iy ravishda qimmatlashtirish orqali odamlarga zarar berishdan iboratdir. Agar boshqa maqsadda bo'lsa, masalan, odamlarga engillik tug'dirish uchun biror mol turini ulgurji sotib olib, keyin uni bozorda narxini oshirmasdan sotish maqsadida saqlab qo'ysa, ihtikor qilgan hisoblanmaydi.
Ulamolar kishi o'zi etishtirgan yoki ishlab chiqargan yoki chetdan o'zi olib kelgan mahsulotlarni narx oshganda sotish uchun saqlab qo'yishi ihtikor emas, deganlar.
Ikkinchisi. Ahli oilasining ta'minoti uchun oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalarni zaxira qilib qo'yish shariatga zid emas. Oisha raziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi:
كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يدخر لأهله قوت سنة (رواه البخاري)
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ahli oilasi uchun bir yillik oziq-ovqat zaxira qilib qo'yar edilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ertasi uchun biror narsa g'amlab qo'ymasliklari rivoyat qilingan. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
كانَ النَّبيُّ صلَّى اللَّهُ عليْهِ وسلَّمَ لا يدَّخرُ شيئًا لغدٍ (صحيح الترمذي)
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ertangi kun uchun biror narsa zaxira qilmas edilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Muhaddis ulamolar bu ikki hadisni o'rganib chiqib, bu ikki hadisning ma'nosi bir biriga zid emas deganlar va bu hadisni quyidagicha ta'vil qilganlar.
Demak, kishi ahli oilasi uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalar xoh u narsalar mahsulot ko'rinishida bo'lsin, xoh pul ko'rinishida bo'lsin ma'lum bir muddatga etadigan darajada zaxira qilib qo'yishi mumkin, balki bu oila a'zolarini qalbini xushnud qiladi, ularni xotirjam hayot kechirishiga, ibodat qilishiga sabab bo'ladi. Vallohu a'lam.