G‘USL VOJIBMI?

ID: 3785

31.10.2025

676

Savol:

Kunda kun ora ertalab uyqudan turgach ich kiymimda oq dog‘larni ko‘raman.Tush ko‘rmayman. Har safar uyqudan turganimda oq dog‘larni ko‘rganimda g‘usl vojib bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Uyqudan turgan kishi ehtilomni eslasa hamda kiyimi va badanida maniy yoki maziyni topsa, g‘usl vojib bo‘ladi. Shuningdek, ehtilomni eslay olmasa va uxlayotganda jinsiy a’zosi qo‘zg‘almagan bo‘lsa, uyqudan turib namlikni topsa, g‘usl vojib bo‘ladi. Agar uxlayotganda jinsiy a’zosi qo‘zg‘alib turgan bo‘lsa, o‘yg‘onib namlikni topsa, g‘usl vojib bo‘lmaydi. Chunki qo‘zg‘alish maziy chiqishiga sabab bo‘ladi. Namlikning maziy ekani ustun qo‘yiladi” (“Maroqil Falah”)

Bu masalada quyidagi holatlar bo‘lishi mumkin:

  1. Kiyimi yoki badanida namlik topgan kishi ehtilomni eslasa va namlik maziy ekanini aniq bilsa yoki maniy-maziyligida shak qilsa ham, g‘usl vojib bo‘ladi.
  2. Kiyimi yoki badanida namlikni topgan kishi ehtilomni eslay olmasa quyidagi holatlar bo‘ladi: A) namlik maziy ekanini aniq bilsa, unga g‘usl vojib emas; B) namlik maniy yoki maziy ekanida ikkilansa, Imom Abu Yusuf (toki ehtilomni eslay olmas ekan) g‘usl vojib bo‘lmaydi deganlar. Imom Abu Hanifa va Imom Muhammad esa g‘usl vojib bo‘ladi, deyishgan (“Fatovoi hindiya”).

Ibodat bobida masalaning ehtiyoti olingani uchun chiqqan namlik maniy bo‘lgan va tana harorati bilan o‘zgarishga uchragan, deyiladi. “Uyqudan turgan kishi kiyimida maniy yoki maziyni ko‘rsa, unga g‘usl vojib bo‘ladi” (“Muxtasarul viqoya”, “Al-Muxtor lil fatvo”).

Bu o‘rinda tushida ehtilom bo‘lganini eslay olishi muhim emas. Chunki hadisi sharifda bunday deyilgan:

عن عائشة قالت: "سُئِلَ رسولُ اللهِ صلى اللهُ عليه وسلَّمَ عن الرجلِ يَجِدُ البلَلَ ولَا يَذْكُرُ إِحْتِلَامًا قال يَغْتسِلُ وعن الرجلِ يَرَى أَنه قد احْتَلَمَ ولا يَجِدُ البللَ قال "لَا غُسْلَ عليه" (أخرجه أبو داود وأحمد والدارقطني والبيهقي)

Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Uyg‘onganda namlikni ko‘rib, ehtilom bo‘lganini eslay olmagan kishi” haqida so‘raldi. U zot: “G‘usl qiladi“, dedilar. “Ehtilom bo‘lganini eslay oladiyu, lekin namlikni kiyimidan topa olmaydigan kishi” haqida so‘ralganda, u zot: “Unga g‘usl qilish vojib emas“, deb javob berdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad, Imom Doraqutniy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar