G‘usl qilish tahorat o‘rniga o‘tadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
G‘uslning farzlari mukammal bajarilgan bo‘lsa, albatta bu g‘usl tahorat o‘rniga o‘tadi. Chunki g‘usl tahoratdan ko‘ra mukammaldir. Lekin g‘usldan avval tahorat qilish sunnatdir. Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda:
كَانَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم إِذَا اِغْتَسَلَ مِنْ اَلْجَنَابَةِ يَبْدَأُ فَيَغْسِلُ يَدَيْهِ, ثُمَّ يُفْرِغُ بِيَمِينِهِ عَلَى شِمَالِهِ, فَيَغْسِلُ فَرْجَهُ, ثُمَّ يَتَوَضَّأُ, ثُمَّ يَأْخُذُ اَلْمَاءَ, فَيُدْخِلُ أَصَابِعَهُ فِي أُصُولِ اَلشَّعْرِ, ثُمَّ حَفَنَ عَلَى رَأْسِهِ ثَلَاثَ حَفَنَاتٍ, ثُمَّ أَفَاضَ عَلَى سَائِرِ جَسَدِهِ, ثُمَّ غَسَلَ رِجْلَيْهِ (رواه الامام مسلم).
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon junublikdan g‘usl qilsalar, avval ikki qo‘llarini yuvishdan boshlar edilar. So‘ngra o‘ng qo‘llari bilan chap qo‘llariga suv quyib, farjlari(avrat a’zolari)ni yuvar edilar. Keyin esa, namozga qiladigan tahoratlarini qilardilar. So‘ngra panjalarini sochlari ostiga kiritar edilar. Toki suv yaxshi yetganiga ishonganlaridan keyin, boshlari ustidan uch hovuch suv quyar edilar. Keyin qolgan jasadlariga suv quyar va oxirida oyoqlarini yuvar edilar (Imom Muslim rivoyati)”, – deyiladi.
Demak, yuqoridagi hadislardan ma’lum bo‘ladiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam doimo g‘usldan oldin tahorat qilar edilar va bu biz ummatlarga sunnat bo‘lib qolgan.
Aslida g‘usl qilish asnosida tahoratning ham barcha farzlari ado topadi. Tahorat kishini kichik tahoratsizlikdan poklasa, g‘usl katta tahoratsizlik, ya’ni junublikdan poklaydi. Shunday ekan, tahorat qilmasdan g‘usl qilinganida, bu g‘usl tahorat o‘rniga ham o‘tadi. Lekin sunnat tark etilgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.