Mayyit 10 kundan keyin suvdan topildi. Mayyit badaniga qo'l tekkizib bo'lmaydigan holat, bo'shashib ketgan. Shunday holatda qanday yuviladi? Yoki suvda turgani kifoya qiladimi? Yana bir savol shuki, mayyit kuyib ketgan bo‘lsachi, uni yuvish qanday bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Mayyitning suvda turganining o‘zi yuvilishga o‘tmaydi, bu bilan farz ado bo‘lmaydi. Balki uni suvda turganida yuvish niyatida qimirlatish yoki suvdan chiqargandan keyin yuvish farz bo‘ladi. Agar mayyitga qo‘l tekkazib yuvishning iloji bo‘lmasa, ustidan suv quyiladi. Kuyib ketgan mayyitning hukmi ham shu. Ya’ni agar qo‘l bilan ishqab yuvishning iloji bo‘lmasa, ustidan suv quyib yuviladi. Agar suv quyib yuvish ham mumkin bo‘lmasa, tayammum qildiriladi. Bu haqida fihqiy manbalarimizda quyidagi ma’lumotlar kelgan:
(وُجِدَ مَيِّتٌ فِي الْمَاءِ فَلَا بُدَّ مِنْ غسْلِهِ ثَلَاثًا) لِأَنَّا أُمِرْنَا بِالْغُسْلِ فَيُحَرِّكُهُ فِي الْمَاءِ بِنِيَّةِ الْغُسْلِ ثَلَاثًا وَفِي الِاخْتِيَارِ الْأَصْلُ فِيهِ تَغْسِيلُ الْمَلَائِكَةِ لِآدَمَ عَلَيْهِ السَّلَامُ
“Suvda topilgan mayyitni uch marta yuvish lozim. Chunki biz – musumonlar mayyitni g‘usl qildirishga buyurilganmiz. Suvda turgan holatida g‘usl qildirish niyatida uch marta qimirlatish ham mumkin. “Ixtiyor” kitobida “Mayyitni yuvish kerakligining dalili farishtalar Odam alayhissalomni yuvganlaridir”, deyilgan”. (“Raddul muhtor” kitobi).
وَلَوْ كَانَ الْمَيِّتُ مُتَفَسِّخًا يَتَعَذَّرُ مَسْحُهُ كَفَى صَبُّ الْمَاءِ عَلَيْهِ ، كَذَا فِي التَّتَارْخَانِيَّة نَاقِلًا عَنْ الْعَتَّابِيَّةِ
“Agar mayyit titilib ketgan bo‘lib, ishqab yuvish imkonsiz bo‘lsa, ustidan suv quyiladi (“Fatovo olamgiriya” kitobi).
ويقوم التيمم مقام غسل الميت عند فقد الماء أو تعذر الغسل، كأن مات حريقا، ويخشى أن يتقطع بدنه إذا غسل بدلك أو بصب الماء عليه بدون دلك، أما إن كان لا يتقطع بصب الماء فلا يتيمم، بل يغسل بصب الماء بدون دلك.
“Suv yo‘qligi yoki bo‘lsa ham mayyit kuyib ketib, ishqab yuvsa yoki ishqamay, ustidan suv quyib yuvsa, tanasi titilib ketadigan bo‘lsa, tayammum qildiriladi va u g‘uslning o‘rniga o‘tadi. Agar suv quyishning imkoni bo‘lsa, tayammum qildirilmaydi, balki ustidan suv quyiladi”. (“Al-fiqhu ala mazohibil arba’a” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.