Assalamu alaykum, ustozlar! Meni bir savol juda qattiq qayg‘uga solyapti. Men katta gunoh ish qilganman. Balog‘at yoshimda chet davlatga ketganman. Diniy tushuncham bo‘lmagani sababli zino qilganman – g‘ayridin ayol bilan. O‘rtada bola bo‘lib qolgan, lekin u ayol "sendan emas" deb turib olgan. Lekin men aniq bilamanki, u mendan. Savolim shuki, men juda qattiq afsusdaman qilgan ishlarimdan. Alloh rahm qilib, hidoyat berdi menga. Besh mahal namozlarni o‘qiyapman, Allohga shukr. Har namozda tavba qilyapman, lekin qalbimda og‘riq bor: "Alloh meni kechiradimikan" deb. Yoki qanday yo‘l tutishim kerak bu yog‘iga? Uzr savolim uchun.
Sizning bu qadar qattiq pushaymonligingiz, qalbingizdagi og‘riq va Allohga yuzlanib, namozlarni boshlaganingiz Alloh taolo sizga rahm qilib, tavba eshiklarini ochganining belgisidir. Aslo noumid bo‘lmang! Noumidlik shaytondandir. Alloh taoloning rahmati sizning gunohingizdan cheksiz darajada ulkandir. U zot Qur’oni Karimda: «Sen (Mening tarafimdan): «Ey, o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahimli zotdir», deb ayt» (Zumar surasi, 53-oyat) deb marhamat qilgan. Siz chin dildan afsusda bo‘lib, bu gunohga aslo qaytmaslikka qaror qilib, istig‘for aytayotgan ekansiz, Allohning va’dasiga ishoning, U sizni albatta kechiradi.
Shariat hukmiga ko‘ra, zino orqali tug‘ilgan bolaga zinokor erkakning nasabi sobit bo‘lmaydi. Modomiki, o‘rtada shar’iy nikoh bo‘lmagan ekan, u ayol ham bolani sizdan emasligini aytayotgan bo‘lsa, shar’an u bolaga nisbatan sizda otalik majburiyati yuklanmaydi. Sizning hozirgi asosiy vazifangiz tavbangizda sodiq qolish, o‘tgan gunohingiz uchun doimiy istig‘for aytish, din ilmini o‘rganish va solih amallarni ko‘paytirishdir. Alloh taolo solih amallar sababli o‘tgan gunohlarni ham mag‘firat qilishini umid qiling.